Tijorat banklarining likvidliligiga qo‘yiladigan talablarga o‘zgartirishlar kiritiladi 

O‘zbekiston 12:37 / 14.03.2019 3884

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritilishi mo‘ljallangan o‘zgartirishlar:

43-2-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“43-2. Lahzali likvidlilik koeffitsiyenti bank kassasidagi naqd pul va boshqa to‘lov hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining va Markaziy bankining qimmatli qog‘ozlari hamda bankning O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi hisobvaraqlaridagi mablag‘lari (bundan Markaziy bankdagi majburiy zaxira hisobvarag‘idagi mablag‘lar mustasno) summasini ushbu Nizomning 3-ilovasidagi ro‘yxatda keltirilgan hisobvaraqlarning qoldiqlari - talab qilib olinguncha majburiyatlar summasiga nisbati orqali aniqlanadi.”.

52-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“52. Likvidlilikni qoplash me'yori koeffitsiyenti (LQMK) yuqori likvidli aktivlarning keyingi 30 kun ichidagi jami sof chiqimga nisbati sifatida aniqlanadi (LQMK = yuqori likvidli aktivlar/keyingi 30 kun ichidagi jami sof chiqim).

Keyingi 30 kun ichidagi kirim keyingi 30 kun ichidagi chiqimning 75 foizidan oshgan taqdirda, keyingi 30 kun ichidagi kirim sifatida keyingi 30 kun ichidagi chiqimning 75 foizi olinadi.

Keyingi 30 kun ichidagi kirim va chiqimning qayta hisoblash koeffitsiyenti Markaziy bank tomonidan o‘rnatiladi va majburiyatlarning turi va muddatiga bog‘liq bo‘ladi.

LQMK 100 foizdan kam bo‘lmasligi lozim. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab:

barcha valutalarda (LQMK);

milliy valutada (LQMK1);

xorijiy valutalarda (LQMK2 - barcha xorijiy valutalarning yig‘indisi) ta'minlanishi shart.”.

53-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“53. SBMMK barqaror moliyalashtirishning mavjud summasini barqaror moliyalashtirishning zarur summasiga nisbati sifatida aniqlanadi (SBMMK = barqaror moliyalashtirishning mavjud summasi/barqaror moliyalashtirishning zarur summasi). 

SBMMK 100 foizdan kam bo‘lmasligi lozim. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab:

barcha valutalarda (SBMMK);

milliy valutada (SBMMK1);

xorijiy valutalarda (SBMMK2 - barcha xorijiy valutalarning yig‘indisi) ta'minlanishi shart.

SBMMK aktivlarni qaytarish muddatlarini hisobga olgan holda, moliyalashning barqaror resurslari mavjud bo‘lishi uchun, shuningdek 1 yildan ortiq muddatdagi balansdan tashqari moddalardagi majburiyatlarni qo‘shib, likvidlilikka bo‘lgan talabni (zarur bo‘lgan barqaror moliyalashtirishni) qondirish uchun kerak.”.

Ko‘proq yangiliklar: