Rossiya 4 davlatdan kelgan migrantlar hisobidan aholi sonini oshirmoqchi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor

Jahon 14:33 / 14.03.2019 42244

Kreml qo‘shni davlatlardan ko‘proq odamlarni Rossiyaga ko‘chirishni ta'minlab berishi lozim bo‘lgan tuzilmalar shakllantirdi. Bu haqda «Kommersant'» manbalarga tayangan holda xabar bermoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, yaqin besh yil ichida Rossiya fuqarolari sonini 5-10 million kishiga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Donorlar sifatida aksariyat aholisi rus tilida so‘zlashadigan mamlakatlar: Ukraina, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Moldova ko‘rilmoqda.

Nashrning qayd etishicha, bu yo‘nalishdagi qonunchilik ishi allaqachon boshlangan: migratsiya siyosati bo‘yicha yangi konsepsiyadan tashqari, fuqarolik masalalari bilan bog‘liq qonunlar allaqachon qabul qilingan yoki qabul qilinish jarayonida.

2018 yil dekabr oyida iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin Rossiyada iqtisodiy o‘sish demografik muammolar bilan cheklangani haqida ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, statistik ma'lumotlar demografik vaziyat asosiy muammoga aylangani va 1990-yillarda shakllangan tendensiyalar iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganini bildiryapti.

Joriy yilning boshidan beri Rossiyada «Demografiya» milliy loyihasi amal qilmoqda, u 2024 yilgacha davom etadi. Loyihani amalga oshirish uchun 3,5 trillion rubl ajratish rejalashtirilgan. Unga quyidagi federal loyihalar kiradi: «Bolalar tug‘ilishida oilalarga moddiy yordam», «Yaslilar tashkil etish - xotin-qizlarni ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish», «Katta avlod», «Jamiyat salomatligini mustahkamlash», «Aholining yangi jismoniy madaniyati».

Bundan oldin, O‘zbekiston Rossiyadagi migrantlar soni bo‘yicha yetakchilik qilayotgani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: