AQSh va Kanada ham nihoyat Boeing 737 MAX parvozlarini to‘xtatdi: Boeing’ning o‘zi barchaga shuni tavsiya qilmoqda

Jahon 03:01 / 14.03.2019 16890

AQSh prezidenti Donald Tramp zudlik bilan yakshanba kuni Efiopiyada yuz bergan aviahalokat tufayli Boeing 737 MAX 8 va MAX 9 yo‘lovchi samolyotlarining parvozlarini to‘xtatish haqida buyruq berdi.

Foto: Saymon Dovson / Bloomberg

«Parvozlar alohida ko‘rsatma berilgunga qadar to‘xtatiladi. Ayni paytda osmonda bo‘lib turgan Boeing 737 MAX uchoqlarining ekspluatatsiyasi ular manzilga yetib borganidan so‘ng to‘xtatiladi», — degan Tramp Oq uydan turib bergan bayonotida.

Amerika prezidenti, shuningdek, AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi yaqin soatlar ichida bu borada bayonot bilan chiqishini ham aytib o‘tdi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi va jahonning ko‘plab davlatlari ortidan Kanada ham Boeing korporatsiyasining eng so‘nggi rusumdagi tor fyuzelajli samolyotlari parvoziga vaqtinchalik cheklov joriy etgan. Bu haqda CBC telekanali Kanada transport vaziri Mark Karnoga asoslanib xabar tarqatgan.

Vazirning qayd etishicha, hukumat a'zolariga chorshanba kuni ertalab samolyot borasidagi yangi ma'lumot kelib tushgach, shunday qarorga kelingan.

Boeing korporatsiyasining o‘zi ham 737 MAX parvozlarining saqlanib qolishiga aminligini bildirgan holda, jamoatchilik manfaatlarini ko‘zlab AQSh federal aviatsiya agentligiga mazkur modeldagi barcha samolyotlar parvozini to‘xtatishni tavsiya qilgan, deyiladi kompaniya saytida.

«Boeing avvalgidek, 737 MAX samolyotlarining xavfsiz ekanligiga ishonchi komil. Biroq, AQSh federal aviatsiya agentligi (FAA) hamda AQSh transportda xavfsizlik bo‘yicha milliy kengash (NTSB), Avaiatsiya hokimiyatlari va ularning butun jahondagi mijozlari bilan maslahatlashuvlardan so‘ng, Boeing kuchaytirilgan xavfsizlik choralari va mazkur havo kemasining xavfsizligi masalasida aviatsiya hamjamiyatini tinchlantirish uchun FAA’ga butun jahon bo‘ylab B-737 MAX’ning 371 samolyotdan iborat oilasi parvozlarini vaqtinchalik to‘xtatishni tavsiya qildi», — deyiladi Boeing xabarnomasida.

Foto: Mulugeta Ayene

Yakshanba kuni ertalab Ethiopian Airlines aviakompaniyasining bortida 157 kishi, jumladan 8 nafar ekipaj a'zolari bo‘lgan Boeing 737 MAX samolyoti  Efiopiyaning Debre-Zeyt shahri yaqinida aviahalokatga uchragan. Samolyot bortida bo‘lgan 35 ta davlat fuqarolarining barchasi halok bo‘lishgan.

Bu Boeing kompaniyasining tor fyuzelajli eng so‘nggi rusumdagi samolyotining so‘nggi besh oy ichida ikkinchi bor halokatga duchor bo‘lishidir: 2018 yilning 29 oktyabrida Indoneziyaning Lion Air kompaniyasi layneri ham halokatga uchragan va 189 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan edi. Mazkur aviahalokatdan so‘ng Indoneziya parlamenti hattoki Lion Air aviakompaniyasidan yangi Boeing’lar sotib olmaslikni talab qilgan edi.

Foto: REUTERS / Stringer

Yakshanba kungi aviahalokatdan so‘ng jahonning ko‘plab aviakompaniyalari Boeing 737 Max 8 samolyotlaridan foydalanishni vaqtincha cheklashdi. Jumladan, O‘zbekistonga xuddi shu tipdagi samolyotlarda 11 mart kuni qatnovlarni boshlagan BAA loukosteri FlyDubay ham mazkur samolyotlardan foydalanishni vaqtincha chekladi

13 mart sanasidan O‘zbekiston hududidagi aeroportlar Boeing 737 MAX 8 va 737 MAX 9 tipidagi havo laynerlarini qabul qilmasligi ham e'lon qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: