Vazirlar Mahkamasi hududlarda ochiq majlislar o‘tkazadi (batafsil)

O‘zbekiston 16:17 / 13.03.2019 7931

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hududlarda mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hududlarda mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, hukumat majlislari – mintaqaviy boshqaruv masalalarini, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejalari, dasturlari va boshqa qonun hujjatlarini jamoaviy ko‘rib chiqishni ta'minlovchi hukumat faoliyatining bir shakli hisoblanadi.

Hukumat majlislarini o‘tkazishda quyidagilar Vazirlar Mahkamasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlaridan kelib chiqadigan vazifalarni o‘z vaqtida, sifatli, samarali hamda natijadorlik bilan bajarilishini monitoring qilish;

Davlat boshqaruvi (hududiy) organlari, ijro etuvchi hokimiyat (mahalliy) organlari va boshqa tashkilotlarning (hududiy) rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarligini kuchaytirish;

Davlat boshqaruvi (hududiy) organlari, ijro etuvchi hokimiyat (mahalliy) organlari va boshqa tashkilotlar o‘rtasida muntazam ravishda idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

aniq sohalar va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarga oid muhim va ustuvor vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish;

mintaqaviy boshqaruv masalalarini, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish rejalari, dasturlari va boshqa qonun hujjatlarini jamoaviy ko‘rib chiqilishini tashkil etish, o‘tkazish va ularning natijalarini tahlil qilish;

Davlat boshqaruvi (hududiy) organlari, ijro etuvchi hokimiyat (mahalliy) organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va Hukumat majlislari o‘tkazilishi jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan ijrochilarga topshiriqlar berish.

Vazirlar Mahkamasi Hukumat majlislarini o‘tkazish jarayonida qonuniylik, xolislik, mustaqillik, oshkoralik, shaxs, jamiyat hamda davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta'minlashi shart.

Hukumat majlislari mavzuli sayyor (ochiq) tartibda tizimli asosda, lekin, har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Vazirlar Mahkamasining respublika va hududlar darajasidagi o‘tkaziladigan Hukumat majlislari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasining Islohotlarni huquqiy ta'minlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasini xabardor qilgan holda o‘tkaziladi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublika va hududlar darajasidagi o‘tkazilayotgan Hukumat majlislarining maqsadi, natijalari, ishtirokchilar tarkibi va davomiyligi haqidagi ma'lumotlar “Ijro.gov.uz” tizimidagi majlislar va yig‘ilishlar maxsus markazlashgan ma'lumotlar bazasiga kiritilganidan so‘ng amalga oshiriladi.

Vazirlar Mahkamasi kelgusida o‘tkazilishi mo‘ljallangan hududdagi Hukumat majlislari haqidagi taklif (ish rejasi)ni, o‘tkazilishi mo‘ljallangan vaqtdan oldingi oyning 20-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi transport vaziriga taqdim etadi.

Hukumat majlislari o‘tkaziladigan hududlar va ularning sanalari Vazirlar Mahkamasining ish rejalarida belgilanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining hududlarda o‘tkaziladigan Hukumat majlislari tegishligiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari istisno hollarda esa ularning birinchi o‘rinbosarlari boshchiligida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi hududiy organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.

Hukumat majlislarida ko‘rib chiqiladigan har bir masala bo‘yicha ushbu masala bilan bevosita bog‘liq shaxslar ishtirok etadi.

Hukumat majlislarining qatnashchilari bahs-munozaralarga kirishish, takliflar bildirish, muhokama qilinadigan masalalar mazmuni haqida ma'lumot berish va so‘rash huquqiga egadirlar.

Vazirlar Mahkamasi Hukumat majlislarini o‘tkazish davomida quyidagi huquqlarga ega:

Hukumat majlislarining kun tartibidagi masalalar bo‘yicha takliflar berish va zaruratga ko‘ra kun tartibiga o‘zgartirishlar kiritish;

Hukumat majlislarida ishtirok etayotgan ma'ruzachilardan ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qo‘shimcha ma'lumotlar so‘rab olish;

Hukumat majlislari o‘tkazilishi jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan ijrochilarga topshiriqlar berish.

Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa huquqlarni ham amalga oshiradi.

Hukumat majlislarining natijalari yuzasidan tegishligiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan bayonnoma tuziladi va uch kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.

Vazirlar Mahkamasi hududlarda o‘tkaziladigan har bir Hukumat majlislarining natijalari yuzasidan hisobot tayyorlaydi.

Hukumat majlislarining natijalari yuzasidan tayyorlangan hisobotlar har chorakdan keyingi oyning 10 sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida tanqidiy ko‘rib chiqiladi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari va topshiriqlarida belgilangan nazorat bandlarini hududlarda bajarilishining natijalari to‘g‘risidagi axborotlar har chorakdan keyingi oyning 15 sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga taqdim etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: