Shavkat Mirziyoyev Navoiyda DXM faoliyati bilan tanishdi

O‘zbekiston 18:42 / 13.03.2019 17693

Prezident Shavkat Mirziyoyev faollar yig‘ilishidan so‘ng Navoiy shahridagi Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan, fuqarolarga yuzdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Notarial xizmatlar, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish, pasportni rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish va boshqalar shu yerning o‘zida amalga oshiriladi. 

Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bolalar maydonchasi, kafe, kitob javonlari, bepul Wi-Fi tashkil etilgan. Bu yerga kelganlar ulardan foydalanib, kutish vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin.

Markazga kelolmaydigan hamda olis ovul va mahallalarda yashaydigan aholi uchun maxsus transportlarda joylarga chiqqan holda xizmat ko‘rsatiladi, deyiladi xabarda. 

Prezident Xalq qabulxonasining markazdagi bo‘limiga kirib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Aholi qanday masalalar bo‘yicha murojaat qilayotgani bilan qiziqdi.

Shu yerda Navoiy viloyatida tadbirkorlik, kichik biznes va hunarmandlikni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, eksperiment tariqasida “Navoiy – tadbirkorlar viloyati” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat boji ikki barobar kamaytiriladi. Qator xizmat ko‘rsatish sohalariga imtiyozlar beriladi. 

Davlat rahbari markazda tadbirkorlar uchun xizmatlarni kengaytirish, xususan, ularga yer ajratish, qurilishga ruxsat olish kabi jarayonlarni integratsiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: