Rossiya Federatsiya kengashi yolg‘on xabarlar to‘g‘risidagi qonunni ma'qulladi

Jahon 22:37 / 13.03.2019 7206

Rossiya Federatsiya kengashi yolg‘on xabarlar tarqatgan resurslarni bloklash va jazolash ko‘zda tutilgan qonun loyihasini ma'qulladi, deb xabar berdi TASS.

Hujjat qabul qilinishi uchun 149 senator ovoz bergan, uch kishi unga qarshi ovoz bergan va yana uch kishi betaraf qolgan.

Hujjatga ko‘ra, noto‘g‘ri xabar tarqatilishi oqibatida jamiyatga zarar yetishi mumkin bo‘lsa yoki yetkazilgan taqdirda jazolash ko‘zda tutilgan. Bu yerda gap xususan, insonlar salomatligi va hayotiga ehtimoliy zarar hamda asosiy infrastrukturalar ishiga ta'sir ko‘rsatilishi haqida bormoqda.

Qonun loyihasida yolg‘on xabarlarni chop etganlik va tarqatganlik uchun jarimalar ko‘zda tutilgan: jismoniy shaxslar uchun yetkazilgan zarar miqdoriga qarab 30 mingdan 400 ming rublgacha. Yuridik shaxslar uchun esa maksimal jarima miqdori 1,5 million rublgacha bo‘ladi.

Internet-OAVda noto‘g‘ri ma'lumot tarqatilishini Bosh prokuratura nazorat qiladi. Yolg‘on xabar chop etilganligi aniqlanganida Roskomnadzorga nashrni bloklash to‘g‘risida so‘rov jo‘natiladi. Noto‘g‘ri xabarni o‘chirish talabi zudlik bilan bajarilmagan taqdirda resurs bloklanadi.

Ko‘proq yangiliklar: