Rembrandt asari Madaniyat vazirligiga berildi -​ Bosh prokuratura

O‘zbekiston 15:27 / 13.03.2019 11476

Gollandiyalik mashhur rassom Rembrandt Van Reyn qalamiga mansub asar 13 mart kuni O‘zbekiston Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tasarrufiga topshirildi. Bu sudning tegishli xulosasiga binoan amalga oshirildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 

2014 yil mayda Toshkent shahar Yakkasaroy tuman IIB tomonidan ochilgan jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuratura ishni qayta o‘rganib, jinoyatni fosh etgandi.

Kartina tarixi

Ma'lum qilinishicha, A.P. xonadonida saqlanib kelinayotgan Rembrandt asarini 2008 yili 50 ming dollar evaziga K.Y.ga sotgan. Ammo sotuvchi asar noqonuniy savdo qilingani, uning o‘zi aldanib qolganini bildirib, huquq-tartibot organlari murojaat qilgandi.

Bosh prokuratura ma'lumotiga ko‘ra, 2014-18 yillar davomida tergov turli sabab va vajlar, xususan jinoyat tarkibi topilmagani sababli to‘xtatilgan. Bu orada Rembrandt asarining yangi xo‘jayini o‘z tanishi orqali kartinani O‘zbekistondan noqonuniy olib, chiqib ketilishi oldi olingan. A.P.ning Bosh prokuraturaga murojaatidan so‘ng, shaxsan Bosh prokuror Otabek Murodov topshirig‘i asosida ish bilan jiddiy shug‘ullanish boshlandi.

Sud ishi

Sud ayblanuvchilar K.Y. va R.F.ni Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topdi. Surat esa davlat foydasi musodara qilinishi ma'lum qilindi.

Apellyatsiya murojaatidan so‘ng, sudning birinchi instansiyasi tomonidan chiqarilgan hukmi o‘z kuchida qoldirildi.

Toshkent shahar Yashnobod tuman MIB xodimlari tomonidan sud qarorini ijro etish maqsadida, maxsus komissiya a'zolari ishtirokida kartina Madaniyat vazirligiga topshirilgan.

Asar qiymati 

1606-1669 yillarda yashagan gollandiyalik musavvir g‘arb tasviriy san'at olamiga sezilarli ta'sir ko‘rsatgan ijodkor sanaladi. 

Madaniyat vazirligining badiiy ekspertiza kengashi tomonidan taklif qilingan xorijiy ekspertning xulosasiga ko‘ra, asar 8 milliondan 15 million yevrogacha narxlanadi. Xorijiy auksion savdolarida esa kartina qiymati 150 million yevrogacha ko‘tarilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: