O‘zbekistonda qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

O‘zbekiston 15:34 / 13.03.2019 10364

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Energiya tejamkor va zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda respublikada import o‘rnini bosuvchi bazalt asosidagi armaturalar, shisha tolali kompozit armaturalar va trubalar, g‘o‘zapoya va qamish asosidagi plitalar, ko‘pikbeton, gazbeton va polistirolbetonlar, issiqlikni izolyatsiyalovchi materiallar, energiya samarador isitish qozonlari va uskunalari, quyosh suv isitish uskunalari ishlab chiqarilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi kunda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar tahlil qilinganda, bir qator kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan:
          
birinchidan, energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlar mavjud emas;
          
ikkinchidan, shaharsozlikda obektlarni loyihalashtirish va qurish davomida ularni qo‘llashda ratsionalizatorlik ishlari uchun loyiha tashkilotlariga, buyurtmachi vazifasini bajaruvchi injiniring kompaniyalariga hamda qurilish-pudrat tashkilotlariga imtiyozlar va preferensiyalar qo‘llanilmaydi;
          
uchinchidan, yangi turdagi qurilish mahsulotlarini shaharsozlik ishlarida loyihalashda ruxsat beruvchi me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan;
          
to‘rtinchidan, qurilish tarmog‘idagi ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnika bazasi yetarli darajada rivojlanmagan, laboratoriya uskuna va jihozlari ma'nan va jismonan eskirgan, konstruktorlik byurolari va sinov laboratoriya hamda poligonlarini yo‘qligi esa yangi turdagi ilmiy va murakkab mahsulotlar namunalarini tayyorlash hamda fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini sifatli o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Hujjat loyihasida aytilishicha, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda hududlarda faoliyat yuritayotgan barcha qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqarish quvvatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar bazasini shakllantiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shaharsozlikda obektlarni loyihalash va qurish davomida ularni qo‘llashda ratsionalizatorlik ishlari uchun loyiha tashkilotlariga, buyurtmachi vazifasini bajaruvchi injiniring kompaniyalariga hamda qurilish-pudrat tashkilotlariga imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan manfaatdor idoralar va korxonalar bilan birgalikda hududlar kesimida qurilish materiallari xomashyo zaxiralari hamda bozor talablaridan kelib chiqqan holda, 2019-2021 yillarda respublikada energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan qurilish materiallari, buyumlari, konstruksiyalari va uskunalarini ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlarni yaratish dasturi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga  tasdiqlash uchun kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan birgalikda namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar, yo‘llar hamda ichimlik suvi tarmoqlarini tegishli loyiha tashkilotlari tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda:
         
an'anaviy qurilish materiallari (pishgan g‘isht, metall armatura, metall trubalar, metall cherepitsa, sement-qumli suvoq va boshqalar) o‘rniga energiya tejamkor, import o‘rnini bosuvchi va yangi turdagi mahalliy qurilish materiallarini (polistirolbeton, gazbeton, ko‘pikbeton, ko‘pikkauchuklar, kompozit armaturalar, gipskartonlar, g‘o‘zapoya va qamish asosidagi plitalar, quruq qurilish qorishmalari, shisha tolali kompozit trubalar, vermikulit va o‘zga g‘ovak to‘ldirgichlar va boshqalar) qo‘llash yuzasidan tashkiliy ishlarni amalga oshiradilar.

Ko‘proq yangiliklar: