O‘zbekistonda 3 mingga yaqin bemor buyrak yetishmovchiligi yuzasidan gemodializ muolajasiga ehtiyoj sezadi. Butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham turli omillar (asosan surunkali xastaliklar) ta'sirida buyrak yetishmovchiligi bilan og‘riganlar soni ko‘payib, gemodializ muolajasiga talab ortib bormoqda. Bu esa nefrologiya sohasiga jiddiy e'tibor qaratish kerakligini taqozo etadi.
«Gemodializ xizmati sifatining yaxshilanishi bilan, bemorlar umri oshishi hisobiga ularning soni ham ortib boradi. Chunki bu bemorlar rejali ravishda doimiy gemodializ muolajasini olib turishlari shart. Qachonki, tibbiy ko‘rsatkichlari belgilangan me'yorlarga to‘g‘ri kelib, buyrak ko‘chirish operatsiyasi bajarilsa, bemor muolajadan chiqib ketadi», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ul xodimi Soyibjon Bozaripov.
Mutaxassisga ko‘ra, bu borada tirik qarindoshlardan buyrak ko‘chirish operatsiyasi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2018 yilning o‘zida 109 nafar bemorda transplantatsiyasi bajarilgan. 2019 yilning o‘tgan davrida esa 30dan oshiq bemorda ushbu operatsiya o‘tkazilgan.
«Ushbu amaliyotdan keyin bemorlar doimiy ichib yuradigan dorilari ham 100 foiz davlat budjetidan qoplanadi», — deya qo‘shimcha qiladi u.
2018 yil 12 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga nefrologiya va gemodializ yordami ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq 2018 yil sentabr oyiga qadar «O‘zbekiston dializ jamiyati» tuzilishi belgilangan edi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma'lumot berishicha, 30 oktabr kuni «O‘zbekiston gemodializ jamiyati» tashkil etilgan va o‘rnatilgan tartibda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
«O‘zbekiston gemodializ jamiyati»ning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
– bemorlar huquqlarini himoya qilish, ularga ijtimoiy yordam berish va hayot sifatini oshirish;
– sohaga zamonaviy texnologiyalarni olib kirish;
– davolash va tashxis bo‘yicha yangi usullarni joriy etish;
– surunkali buyrak kasalliklar statistik bazasini yaratishda qatnashish;
– soha mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirishda faol qatnashish;
– sohani dolzarb masallari bo‘yicha ilmiy izlanish ishlarini qo‘llab-quvvatlash va sohadagi yosh olimlarga yordam ko‘rsatish.
Soyibjon Bozaripov taqdim etgan axborotga ko‘ra, yuqoridagi qaror asosida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining «Nefrologiya, gemodializ va buyrak transplantatsiyasi» kafedrasi tashkil etilgan. Shuningdek, 2019/2020 o‘quv yili uchun tibbiyot oliy ta'lim muassasalarining magistratura ta'lim yo‘nalishi «Nefrologiya» va «Bolalar nefrologiyasi» mutaxassisliklariga qabul kvotasini kiritish taklifi ishlab chiqilgan.
«Bundan tashqari, ushbu mutaxassisliklar bo‘yicha o‘rnatilgan tartib asosida 2019/2020 o‘quv yili uchun klinik ordinaturaga tegishli qabul kvotalarini shakllantirish bo‘yicha ham Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i tayyorlandi», — deydi u.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan, ismi ko‘rsatilishini istamagan mutaxassis-nefrologning aytishicha, respublikada gemodializ muolajalariga bo‘lgan juda katta ehtiyoj hamon saqlanib qolmoqda.
«Kerakli uskunalar va kadrlar bor, lekin mavjud imkoniyat bilan talabni to‘la qondirib bo‘lmaydigan holatlar ham uchraydi. Gohida texnika pand berib qoladi, gohida tinimsiz ishlaymiz. Prezident qarorida mazkur masala atrofidagi muammolar qayd etilib, ularni bartaraf etish belgilangan. Uning ijrosi amalga oshgach, vaziyat yaxshilanadi, degan umiddamiz», — deydi.
Sohadagi ijobiy o‘zgarish sifatida mahalliy ishlab chiqaruvchi Health Line (oldingi «Azia Treyd») korxonasi va Belorusning «Frebor» kompaniyasi o‘rtasida gemodializ uchun dializator ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolanganini ko‘rsatish mumkin.
Vazirlik axborot xizmatining izohiga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan ushbu korxonada dastlabki yilda gemodializ uchun 350,000ta dializator ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Keyingi yillarda ishlab chiqarish hajmi yanada oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa bemorlarga sifatli gemodializ xizmatini ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin.
Ma'lumot uchun, gemodializ o‘tkir va surunkali buyrak yetishmovchiligini «sun'iy buyrak» uskunasi yordamida davolash muolajasi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘ylab nefrologiya bo‘limlarida 321ta gemodializ apparati xizmat ko‘rsatmoqda. 2018 yilning o‘zida 65ta «sun'iy buyrak» apparati xarid qilinib, bemorlar sonidan kelib chiqib, ehtiyoj eng yuqori bo‘lgan hududlarga o‘rnatilgan. 2019 yil uchun yana 70ta uskunaga mablag‘ ajratilgan.
Shu bilan birga, Yaponiyaning «Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi» grant loyihasi doirasida yana 100ta «sun'iy buyrak»ka buyurtma berilgan.