​ITB O‘zbekistonda ilmiy g‘oyalarni rag‘batlantirishni davom ettiradi -​ Hayat Sindi

O‘zbekiston 14:41 / 13.03.2019 3523

Toshkent shahridagi Xalqaro biznes markazi binosida Islom Taraqqiyot banki va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda Roadshow Transform tanlovi g‘oliblari aniqlandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. Joriy yilda bellashuvning 4 nafar g‘olibi aniqlanib, ularning har biriga 3000 AQSh dollari miqdorida pul mukofotlari topshirildi va ular dekabrda Senegalda bo‘lib o‘tadigan ilmiy anjumanda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishdi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda to‘rtinchi marotaba tashkil etilayotgan ushbu tadbirning maqsadi ilmiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va loyiha egalariga grantlar ajratishdir. ​Shuningdek, Islom Taraqqiyot Banki prezidenti bosh maslahatchisi Hayat Sindi jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida muhim axborotlarni taqdim etdi.

«Islom Taraqqiyot Banki har yili 7ta davlatda shu kabi tanlovlarni o‘tkazib keladi. Har bir mamlakat uchun o‘rtacha 10-12 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofotlari ajratamiz. Bizning maqsadimiz jamiyat rivoji uchun ulkan hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan ilmiy innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. 

Ularni realizatsiya qilishga ham mablag‘ ajratamiz. Islom Taraqqiyot Banki tomonidan ilm-fan, texnologiya uchun 50 ming AQSh dollaridan 1 mln AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda grant ajratiladi», —​ deydi Sindi xonim.

Hay'at a'zosi sifatida ishtirokchilarni baholagan Hayat Sindining aytishicha, bu yilgi saralash bosqichida tibbiyot va sanoat sohasida yangilik yaratgan ishtirokchilar uchun mukofotlar tayinlandi. 

Bundan tashqari, tanlovda qishloq xo‘jaligi, ta'lim va boshqa qator yetakchi jabhalardagi innovatsiyalar bilan qatnashish mumkin. Bunda yosh va jinsning ahamiyati yo‘q. 

Transform Roadshowda qatnashmoqchi bo‘lganlar o‘z arizalarini 1 apreldan 1 iyungacha www.isdb-engage.org saytiga yuborishlari so‘raladi.

Ko‘proq yangiliklar: