Finlyandiyada dunyodagi eng katta milliy bayroq o‘rnatish rejalashtirilmoqda   

Jahon 22:30 / 13.03.2019 5287

Finlyandiyaning Xamina shahrida yaqin orada dunyodagi eng katta milliy bayroqni ko‘tarishga tayyorlanilmoqda. Bu haqda shahar ma'muriyati xabar berdi.

Finlyandiya ulkan bayroqni o‘z mustaqilligining 100 yilligiga deyarli 30 ta davlatdan sovg‘a sifatida olgan. Bayroqning o‘lchami 26 metrga 16 metr bo‘lib 416 kvadrat metrni tashkil qiladi, u deyarli basketbol maydonchasidek keladi.  Bunday sovg‘a g‘oyasi ortida Finlyandiyaga barcha qo‘shni davlatlar hamda undan ancha olisda joylashgan Avstraliya turgan. 

Shahar uzra bayroqni ko‘tarish bir necha marta keyinga qoldirilgan. Dastlab uni 2018 yil mayida o‘rnatmoqchi bo‘lishgan, biroq o‘shanda mablag‘ yetmagani sabab bu g‘oya amalga oshmay qolgan. So‘ngra bayroqni dekabrda ko‘tarish rejalashtirilgan, biroq marosim hukumatning konstruksiya xavfsizligini va Rossiyada tayyorlangan flagshtokning Yevropa standartlariga mosligini tekshirish istagi sababli yana qoldirilgan

Ma'muriyatda ta'kidlanishicha, bayroqni ko‘tarishdan oldin uni ko‘tarish va tushirish bo‘yicha qo‘shimcha sinovlar o‘tkaziladi. Flagshtokka (bayroq ko‘tariladigan ustun) elektron tizim o‘rnatilgan bo‘lib, u kuchli shamol vaqtida bayroqni yirtilib ketmasligi uchun pastga tushiradi. Bayroqni o‘rnatish sanasi bo‘yicha yaqin orada qaror qabul qilinadi. Taxmin qilinishicha, bayroq 2018 yil mayida Xaminada ochilgan bayroqlar bog‘ining bir qismiga aylanadi. Bayroq shahar uzra uzukun hilpirab turadi va faqatgina servis xizmat ko‘rsatish vaqtida olinib turishi mumkin. Hukumat ushbu bayroq va umuman olganda, butun bayroqlar bog‘i mamlakatga keluvchi mehmonlar uchun qiziqarli bo‘lishi va shaharga ko‘proq sayyohlar jalb qilishiga umid qilmoqda. 

2018 yil 28 may kuni Finlyandiya roppa-rosa 100 yil avval parlament davlat bayrog‘ini rasman tasdiqlaganining 100 yilligini nishonlagandi. O‘z vaqtida bayroq qanday ko‘rinishda bo‘lishi borasida o‘nlab yillar davomida muhokama ketgan.

Ko‘proq yangiliklar: