Efiopiyada qulagan Boeing 737 Max uchuvchisi parvozdagi muammolar haqida xabar qilgan

Jahon 20:25 / 13.03.2019 14143

Efiopiyada halokatga uchragan Boeing 737 Max samolyoti uchuvchisi parvozni boshqarishdagi muammolar haqida ma'lum qilgan va aeroportga qaytmoqchi bo‘lgan. Bu haqda samolyotga egalik qilgan Ethiopian Airlines aviakompaniyasi bosh direktori Tevolde Gebremariam ma'lum qildi. 

Gebremariamning ta'kidlashicha, uchuvchi dispetcherlar bilan muloqotda samolyot yoki parvoz bilan boshqa tashqi muammolar haqida xabar qilmagan. 

Bu orada The New York Times nashrining ma'lum qilishicha, 2018 yilda AQSh aviakompaniyalarining kamida ikkita samolyoti ekipaji Boeing 737 Max 8 samolyoti avtopiloti yoqilgandan keyin o‘zini oldindan aytib bo‘lmaydigan tutgani haqida xabar qilishgan.

“AQShda Boeing 737 Max 8’da parvozlarni amalga oshirgan kamida ikki uchuvchi o‘tgan yil noyabrda samolyotlar avtopilot yoqilgandan keyin kutilmaganda “sho‘ng‘igani” borasida xavotir bildirishgan”, deb aytilgan nashrda va ikkala holatda ham uchuvchilar avtopilotni o‘chirib vaziyatni o‘nglay olishgani qo‘shimcha qilingan.

Uchuvchilardan biri ma'lum qilganidek, samolyot avtopilot yoqilgandan 2-3 soniya o‘tgach pastlay boshlagan.

Nashrning ta'kidlashicha, amerikalik uchuvchilar 2018 yil oktyabrda Indoneziyaning Boeing 737 Max 8 samolyoti halokati oldidan yuz bergan muammolar kabi muammolarga duch kelishgan. 

Ayni vaqtda Efiopiyadagi halokatdan keyin butun dunyo bo‘ylab barcha Boeing 737 samolyotlarining yarmidan ko‘pining parvozlari to‘xtatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: