«Buxoroda yangi aviakompaniya». Rasmiylar turizm bo‘yicha yangi ma'lumotlarni taqdim etdi​

O‘zbekiston 20:31 / 13.03.2019 10685

Kun.uz'da «Turizm politsiyasi mutlaqo boshqacha bo‘lishi kerak edi». Buxorodagi turizm muammolari» sarlavhasi ostida e'lon qilingan maqolada hududning sohaga oid ayrim muammolari ko‘rsatilib, takliflar berilgandi. ​Ushbu maqola yuzasidan Buxoro shahar hokimligi va ​Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi tahririyatga maktub yo‘lladi. 

​Haqiqatan, bugungi kundagi holatga ko‘ra, hatto Toshkent shahri yo‘nalishida ham aviaqatnovlar va poyezdlar qatnovi sayyohlar va yo‘lovchilar talabini to‘liq qondira olmaydi, deb xabar beriladi maktubda.

«Xorijiy davlatlar, xususan Turkiya, Indoneziya, Malayziya, Rossiya va Yevropa mamlakatlari yo‘nalishlari bo‘yicha Buxoroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi borasida turistlardan ko‘plab murojaatlar tushmoqda.

Birgina misol, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2019 yil 21-23 fevral kunlari Buxoroda o‘tkazilgan I Xalqaro ziyorat turizm forumi doirasida ishtirok etgan martabali mehmonlar, jumladan Malayziyaning MATTA, Indoneziyaning ASITA turistik agentliklar uyushmalari, Singapurning Grescent Rating kompaniyasi va ko‘plab turistik tashkilotlar vakillari tomonidan Buxoroga kelish istagi bo‘lgan millionlab xorijlik sayyohlar talabiga ko‘ra, qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish bilan birga, Istanbul, Kuala-Lumpur, Jakarta shaharlari, Rossiya va Yevropa davlatlarining qator shaharlaridan Buxoro aeroportiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish haqida takliflar bildirildi», — deya ma'lumot beradi Buxoro shahar rasmiylari. 

Ta'kidlanishicha, bu masalada Buxoro viloyati delegatsiyasining 2018 yil avgust oyida Turkiya, Belgiya va Gollandiya davlatlariga amalga oshirilgan xizmat safari doirasida Turkiyaning Onur Air, Pegasus Airlines va Atlas Global Airlines kabi aviakompaniyalari hamda Yevropadagi yirik Thomas Cook turistik agentligi rahbarlari bilan dastlabki muzokaralar o‘tkazilgan.

«Turkiyaning Onur Air aviakompaniyasi Buxoro xalqaro aeroporti bilan qo‘shma korxona tashkil etib, o‘z samolyotlari bilan ichki va xorijiy yo‘nalishlarda parvozlarni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda tashkil etilgan Silk-Jet MChJ shaklidagi yangi aviakompaniya ham Buxoro aeroporti negizida xalqaro va mahalliy aviaqatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarini bildirgan», — deyiladi axborotda.

Ma'lum qilinishicha, 2017 yil boshida Buxoroda zamonaviy turistik avtobuslar soni atigi 13 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda turistik kompaniyalar va tadbirkorlar tomonidan xorijdan keltirilgan 42ta zamonaviy avtobuslar va 36ta mikroavtobuslar faoliyat yuritmoqda.

«Biroq, Buxorodan Xiva, Shahrisabz, Samarqand va Toshkent shaharlariga boruvchi xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari haqiqatan ta'mirtalab ahvolda ekanligi ayanchli, albatta», — deb qo‘shimcha qilinadi. 

​Maqolada turizm politsiyachilarining o‘tmishdagi mirshab va darbonlar kiyimida faoliyat olib borishi taklif etilgan haqida ma'lumot berilgandi.

Buxoro rasmiylari fikricha, shaharda xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi xodimlari emas, balki teatr aktyorlari yoki ko‘ngillilar tomonidan tarixiy amirlik va xonliklar davridagi ertaknamo mirshablar kiyimida yurish amaliyotini joriy qilish ko‘proq samara beradi.

«Chunki turistlarga aynan tarixiy davr voqealari va amirlar, beklar, qozilar, mirshablar, darveshlarning taniqli obrazlarini tajribali mutaxassislar tomonidan mahoratli ijro etilishi katta qiziqish uyg‘otadi.

Turizm rivojlangan davlatlar, jumladan Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Xitoy, Koreya va boshqa ko‘plab xorijiy mamlakatlarda bu tajriba millionlab turistlar olqishiga sazovor bo‘lmoqda», — deyiladi munosabatda.

Ma'lum qilinishicha, Xavfsiz turizm boshqarmasi xodimlari xalqaro tajribalarga ko‘ra, zamonaviy kiyimda, yuqori texnologiya va kommunikatsiyalar bilan ta'minlangan holda nafaqat Buxoroning tarixiy qismida, balki aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtostansiyalar, savdo majmualari, mehmonxonalar, restoranlar va boshqa diqqatga sazovor joylarda turistlar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha bir xil sifatli xizmat qilishlari lozim.

​Maqolada so‘z yuritilgan Afandi obrazini jonli gavdalantirish taklifi bo‘yicha quyidagicha munosabat bildirilgan:

«Nasriddin Afandi» obrazi Buxoroda katta ahamiyatga ega. Shu boisdan, viloyat hokimligi tashabbusi bilan har yili 1 aprel – hazil mutoyiba kunini nishonlash, «Nasriddin Afandi» festivalini o‘tkazish yorqin bir an'anaga aylandi.

​Uning obrazini xalqaro miqyosda chuqur o‘rganish va uni yanada ommalashtirish bo‘yicha Buxoro davlat universitetida folklorshunos olima Darmonoy O‘rayeva boshchiligida Ishchi guruh tuzilib, «Nasriddin Afandi haykalining ta'rifi», «Nasriddin Afandi suvenirlari», «Xo‘ja Nasriddin sarguzashtlari», «Nasriddin Afandi hangomalari, latifalari, askiyalari» kabi mavzularda tadbirlar tashkillashtirish borasida amaliy ishlar boshlangan», — deyiladi axborotda.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro shahrining tarixiy qismidagi madaniy meros obektlarida ayni paytda belgilangan tartibda ijara shartnomasi asosida jami 573 nafar, «Ark» qo‘rg‘onidan «Labi hovuz» majmuasigacha bo‘lgan hududda esa 300 nafardan ortiq hunarmand faoliyat yuritadi.

Buxoro shahrida bugungi kunda jami 292ta madaniy meros obektlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 105tasiga turistlar tashrif buyuradi. Oxirgi ikki yilda olib borilgan ishlar natijasida sayyohlar tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan tarixiy obektlar soni 35taga ko‘paydi.

Ko‘proq yangiliklar: