«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ yo‘lovchi vagonlari reysga qanday tayyorlanadi?

Fan-texnika 20:15 / 12.03.2019 14074

Hayotimiz davomida ish, o‘qish, sayohat qilish yoki boshqa maqsadlar bilan albatta temir yo‘l xizmatidan foydalanamiz. 

Bahor faslining kirib kelishi bilan kishilarning shu kabi yumushlar sabab mazkur transport vositasiga bo‘lgan talabi yanada ortadi. Bunday paytda yo‘lovchi poyezdlarida ko‘rsatiladigan xizmat sifati, vagonlar tozaligi, turli kasalliklarning oldini olish maqsadida hasharot va zararkunandalarga qarshi yetarli darajada dezinfeksiya qilinganligi muhim hisoblanadi. 

Kun.uz sayti “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”     AJning Yo‘lovchi vagonlarni reysga tayyorlash va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish markazida bo‘lib, mahalliy aholi va chet ellik mehmonlarga xizmat ko‘rsatuvchi yo‘lovchi poyezdlarida bu ishlar qay darajada yo‘lga qo‘yilganligiga e'tibor qaratdi. 

Video: mover (Tas-IX)

Video: Youtube.com

 Odatda biz kassa orqali poyezdlarga chipta xarid qilamiz va ushbu transport vositasi yordamida o‘z manzilimizga yetib olamiz. Qarangki, yo‘lovchi vagonlarida temir yo‘l xizmatchilari tomonidan mazkur jarayongacha bo‘lgan muddatda ham ma'lum tartibdagi ishlar amalga oshirilar ekan. O‘ylaymizki, mazkur jarayondan xabardor bo‘lish o‘quvchilarimiz uchun qiziqarli bo‘ladi.

Jarayonda dastlabki ish yo‘lovchilarni o‘z manziliga yetkazib qaytgan vagonlarni tozalashdan boshlanadi. Bunda vagondagi barcha inventarlar (yostiq, yopinchiq va choyshablar) yechib olinib qayta yuvishga yuborish uchun maxsus qoplarga solinadi.

Inventarlar yig‘ib olingandan keyingi ish poyezdda yo‘lovchilar tomonidan tashlab ketilgan turli idish va chiqindilarni tozalash hisoblanadi. 

Bu jarayon yakunlangach vagonlar maxsus xizmatchilar tomonidan hasharot va zararkunandalarga qarshi dezinfeksiya qilib chiqiladi. Dezinfeksiya jarayonida foydalaniladigan barcha dori vositalari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat berilgan vositalar bo‘lishi lozim. Jumladan, hozirgi vaqtda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi poyezdlarni hasharotlardan zararsizlantirishda “Buldok super”, “Beton”, “Titan”, “Ambrel” kabi dorilardan foydalanilmoqda. Hasharotlarning (suvarak, chumoli) dorilarga adaptatsiya qobiliyatini inobatga olib ushbu dori vositalari har haftada almashtirib turiladi. 

Nihoyat vagonlar dezinfeksiya qilib bo‘lindi. Endi ular oyna va eshiklari yopiq holatda kamida ikki soat saqlanadi. Bu paytda poyezdga hech kimning kirishiga ruxsat berilmaydi.

Ikki soatlik tinim davri tugagach yo‘lovchi poyezd vagonlari endi tashqi yuvish uchun maxsus moykalarga olib boriladi. Bu yerda vagonlar maxsus yuvish vositalari bilan bir necha bor tozalanadi.  Jarayon xuddi avtomobil yuvish shoxobchalaridagi kabi amalga oshiriladi: yuvish uchun maxsus gellar, yuvish shetkalari va suv.

Poyezd vagonlari ikki tomonlama tozalashdan o‘tkazildi. Navbat vagonlarni isitish uchun (sovuq mavsumda) ko‘mir va yo‘lovchilarni ichimlik suvi bilan ta'minlash. Bu jarayon ham navbatdagi maxsus rejimda amalga oshiriladi.

Yo‘lovchi poyezd ikki tomonlama tozalashdan o‘tib, vagonlar ko‘mir va ichimlik suvi bilan ta'minlandi. Endi navbat yuvish uchun topshirilgan inventarlarni qayta joylashtirishga. 

Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerakki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli yo‘lovchi poyezdlaridagi inventarlar har kuni maxsus tozalash va yuvish jarayonidan o‘tadi. Axir vagonlar tozaligi, zararli hasharotlardan xoli bo‘lishi va oxir-oqibat mijozlar sog‘ligi mijozlar oqimiga ham ta'sir o‘tkazadi-da.

Yo‘lovchi poyezdimiz yo‘lga chiqish uchun tayyor, qo‘lingizdagi chipta bilan o‘z manzilingiz tomon yo‘lga chiqishingiz mumkin. Biz esa safaringiz bexatar bo‘lsin, deymiz.

Ko‘proq yangiliklar: