Markaziy bank pul-kredit siyosati chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda ularga zarur hollarda tegishli o‘zgartirishlarni kiritib borish zaruriyatidan kelib chiqqan holda o‘tgan hamda keyingi yil uchun mamlakat iqtisodiyoti o‘sish sur'atlarini baholash maqsadida so‘rov doirasida korxona va tashkilotlarning yaqin istiqboldagi iqtisodiy kutilmalarini o‘rgandi.
Xususan, 2018 yilning IV choragi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra 2019 yil yakuni bo‘yicha:
respondent korxona va tashkilotlarning 78 foizida ishlab chiqarish hajmlarining 2018 yilga nisbatan oshishi, shu jumladan, respondent korxona va tashkilotlarning 13 foizida o‘sish sur'atining 1-4 foiz oralig‘ida, 21 foizida 5-8 foiz oralig‘ida, 28 foizida 9-12 foiz oralig‘ida hamda 22 foizida 13-20 foiz oralig‘ida bo‘lishi;
so‘rovda qatnashgan eksportyor korxonalarning 77 foizida eksport hajmining 2018 yilga nisbatan oshishi, shu jumladan, korxona va tashkilotlarning 15 foizida o‘sish sur'atining 1-4 foiz oralig‘ida, 18 foizida 5-8 foiz oralig‘ida hamda 32 foizida 9-12 foiz oralig‘ida shakllanishi;
korxona va tashkilotlarning 44 foizida investitsiyalar hajmining 2018 yilga nisbatan oshishi;
respondent korxona va tashkilotlarning 84 foizida mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining 2018 yilga nisbatan oshishi, shu jumladan, korxona va tashkilotlarning 46 foizida narxlar 10-15 foiz oralig‘ida, 18 foizida esa 20 foiz va undan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda.