O‘zbekiston | 17:01 / 11.03.2019
3322
5 daqiqa o‘qiladi

Hayvonot bog‘larini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining respublika hayvonot bog‘lari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va seleksiya faoliyatini rivojlantirish, hayvonot bog‘lari kolleksiya fondini boyitish va o‘rnini to‘ldirish ishlarini tizimli tashkil etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash va faol joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston hayvonot bog‘larini jahonning yetakchi hayvonot bog‘lariga aylantirish maqsadida farmoyishi qabul qilindi.

Hujjat bilan hayvonot bog‘larini yanada rivojlantirish hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

ikki oy muddatda - O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda hayvonot bog‘larining namunaviy shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Surxondaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda, chet el tajribasini o‘rgangan holda, tegishli ravishda Termiz, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent hayvonot bog‘lari faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishni va malakali mutaxassislarni jalb qilishni ta'minlaydi;

2019 yil 1 avgustgacha - manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Toshkent hayvonot bog‘ini ta'mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;

2019 yil 1 sentyabrga qadar - hayvonot bog‘larining moliya-xo‘jalik faoliyatini shaffoflashtirish, daromad manbalarini kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilish orqali hayvonot bog‘larini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi to‘liq moliyalashtirishga o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;

hayvonot bog‘larida turli tadbirlarni o‘tkazish hamda ularning faoliyatiga oid ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirib borishni ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Davlat veterinariya qo‘mitasi bilan birgalikda hayvonot bog‘lari bazasida qimmatbaho va noyob hayvonlar turlarini sun'iy chatishtirish hamda yangi juftlarni shakllantirish, kolleksiyalarning tur tarkibini genetik yangilash uchun noyob va yo‘qolib borayotgan hayvonlar seleksiyasini rivojlantirish bo‘yicha doimiy ishlarni olib boradi;

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda hayvonot bog‘larini mahalliy hayvonlar bilan boyitib borish ishlarini amalga oshiradi;

Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2020 yil 1 aprelga qadar 2024 yilda Toshkent hayvonot bog‘ining 100 yilligini keng nishonlash hamda uning doirasida Toshkent shahrida Yevropa va Osiyo hayvonot bog‘lari va akvariumlari assotsiatsiyasining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qo‘mitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 dekabrga qadar Termiz, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent hayvonot bog‘larida tashrif buyuruvchilarda yuqori qiziqish uyg‘otuvchi hayvonlarni chetdan keltirish orqali hayvonot bog‘lari kolleksiyalarini boyitish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Madaniyat vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Qurilish vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining 2020 yilga mo‘ljallangan rivojlanish davlat dasturi parametrlarini shakllantirishda Samarqand hayvonot bog‘ining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun belgilangan tartibda mablag‘lar ajratilishini nazarda tutadi.

Belgilanishicha, Samarqand hayvonot bog‘i bo‘yicha belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida 2020 yilda hayvonot bog‘ini qurish va jihozlash ishlari:

O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari doirasida markazlashgan kapital qo‘yilma mablag‘lari;

Samarqand viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari;

xalqaro moliyaviy institutlarning va donor mamlakatlarning kreditlari va grantlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Mavzuga oid