Superligada kun yakunlari: futbolchilarga tashlangan muxlislar, katta futbolni 15 yil kutgan «Surxon», «muvozanatni buzgan» «So‘g‘diyona»

Sport 22:10 / 10.03.2019 22622

Bugun Superligada 1-turning 3ta o‘yini o‘tkazildi. Barcha o‘yinlar o‘ziga yarasha qiziqarli kechdi. Quyida kunning muhim voqealarini eslaymiz.

«15 yillik hijron»

Surxondaryo viloyatining «Surxon» klubi 15 yil deganda yuqori divizionga qaytdi. O‘tgan yillarda Pro-Ligada ancha faol bo‘lib qolgan «Surxon» joriy mavsum avvalida Superligaga kiritildi. Surxon diyori katta futbolni sog‘inib qolgani stadionga kelgan ko‘p sonli muxlislardan ham sezildi. Ular yaxshi tarkib to‘plagan «Surxon»ning mazmunli o‘yiniga guvoh bo‘lishdi.

«Surxon» katta futbol bilan «15 yillik hijron»dan so‘ng ilk o‘yinini «Metallurg»ga qarshi o‘tkazdi. Andrey Shipilov qo‘l ostida oxirgi yillarga «chaqilmagan yong‘oqqa» aylangan bekobodliklar oson raqib emasdilar.

«Surxon» 6-daqiqada «Neftchi»dagi o‘yinlari bilan tanilgan Sherzod Hakimov birga-bir vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni ochdi. Surxondaryoliklar g‘alabani nishonlashga tayyor bo‘lib turganlarida esa «Metallurg» hisobni tenglashtirdi. Islom Isoqjonovning jarima zarbasidan uzatgan to‘pidan so‘ng Abbos Otaxonov hisobni tenglashtirdi. Shu tariqa «Surxon» mavsumni durang bilan boshladi.

«Surxon» - «Metallurg» 1:1

Gollar: Sherzod Hakimov (6) – Abbos Otaxonov (89).

Surxon: 1.Asilbek Omonov, 2.Abduqahhor Hojiakbarov, 5.Ayubxon No‘monov, 6.Rahmatullo Berdimurodov, 8.Sherzod Karimov (Abdulaziz Yusupov), 9.Dilshod Jabborov, 10.Shavkat Salomov (Abror Ismoilov), 20.Husniddin G‘ofurov, 21.A'zam Aliyev, 44.Darko Stanoyevich, 91.Sherzod Hakimov (Azamat Allaniyozov).

Metallurg: 1.Zafar Safoyev, 5.Abbos Otaxonov, 6.Ibrohim Yo‘ldoshov (Bahrom Abdurahimov), 8.Server Jeparov (Muhammad Isayev), 10.Islom Isoqjonov, 17.Muzaffar Muzaffarov, 18.Shavkat Mullajonov, 21.Komoliddin Tojiyev, 28.Stanislav Andreyev, 30.Andrey Shipilov, 70.Sergey Tumasyan (Zohid Abdullayev).

Maydon tashqarisida ham davom etgan derbi

Kunning markaziy o‘yini Toshkentda o‘tkazildi. Vodiyning ikki jamoasi «Navbahor» va «Qo‘qon-1912» Namangandagi stadion mavsumga tayyor bo‘lmagani sabab poytaxtda o‘ynashdi. O‘yinda 1:1 hisobi qayd etildi. «Navbahor» safida Oston O‘runov jarima maydonchasiga ajoyib gol urganini ham ta'kidlash kerak. Qo‘qonliklar safida jamoaning yangi hujumchisi Shahboz Erkinov gol urdi.

O‘yinning markaziy voqeasi esa maydon tashqarisida sodir bo‘ldi.«Navbahor» muxlislari maydonni tark etayotgan «Qo‘qon-1912» futbolchilariga tashlanib qolishdi va ularga har xil jismlar uloqtirishdi. Bu vaziyatda katta ehtimol bilan qo‘qonlik futbolchilardan birortasi muxlislarga qarata provakatsion harakatlarni amalga oshirgan. Rasmiy ma'lumot berilgach, bu borada nimadir deyishimiz mumkin.

«Navbahor» – «Qo‘qon-1912» – 1:1 (1:0)

Gollar: Oston O‘runov (23) – Shahboz Erkinov (67).

Navbahor: O‘tkir Yusupov, Oston Urunov, Azim Ahmedov, Ivan Solovyov (Shaxzod Shaymanov, 46), Aleksandr Kasyan, Obid Jo‘raboyev, Mirzohid G‘ofurov, Igor Golban, Abdujamol Isroilov (Aziz Ibragimov, 84), Jahongir Mehmonov, Abbos G‘ulomov (Elman Tagayev, 59).

Qo‘qon-1912: Boyan Knejyevich, Quvondiq Ro‘ziyev (Muhammadanas Hasanov, 81), Javohir Esonqulov, Oybek Rustamov, Jasur Hasanov, Suhrob Berdiyev (Milosh Nikolich, 71), Iqbol Malikjonov (Jamshid Hasanov, 62), Shahboz Erkinov, Aleksandr Merzlyakov, Marko Milich, Murod Xolmuhammedov.

«Muvozanatni buzgan» «So‘g‘diyona»

Superliganing 1-turida hayratlanarli tarzda jamoalar durang o‘ynashga kirishib ketishdi. Superliganing dastlabki 5 o‘yinida g‘olib aniqlanmadi: «Qizilqum» – «Andijon» (1:1), «Dinamo» – «Nasaf» (1:1), OKMK – «Buxoro» (0:0), «Surxon» – «Metallurg» (1:1) hamda «Navbahor» – «Qo‘qon-1912» (1:1).

Jizzaxda o‘tgan «So‘g‘diyona» - «Bunyodkor» o‘yinida ham durang qayd etilishi deyarli aniq bo‘lib turganida «So‘g‘diyona» hujumchisi Oybek Nurmatov bunga ko‘nmadi. 90-daqiqada «Bunyodkor» himoyachilarining xatosidan foydalangan Oybek Nurmatov jamoadoshi Sanjar Rashidov yordamida g‘alaba golini urdi. Shu tariqa «So‘g‘diyona» Superliganing joriy mavsumida g‘alaba qozongan ilk jamoa bo‘ldi va yetakchilikni qo‘lga oldi.

«So‘g‘diyona» – «Bunyodkor» 2:1

Gollar: Doston Toshmatov (23), Oybek Nurmatov (90) – Sanjar Qodirqulov (63).

So‘g‘diyona: Milan Mitrovich, Iskandar Shoyqulov, Elyor Orifov, Kaxi Maxaradze, Nuriddin Hasanov, Sanjar Rashidov, Siroj Meliyev, Shohruz Norxonov (Izzat Abdullayev, 72), Doston Toshmatov (Oybek Nurmatov, 69), Muhammadali Yo‘ldoshev, Shahboz Jo‘rabekov.

Bunyodkor: Murod Zuhurov, Islom Qobilov, Sergey Proxorov, Dilshod Ahmadaliyev, Jasur Jaloliddinov, Xurshid G‘iyosov, Javohir Qahramonov (Sanjar Qodirqulov, 62), Mirjahon Mirahmadov, Nurillo To‘xtasinov, Ulug‘bek Abdullayev, Abdulla Abdullayev.

«Beyjik, galstuklar bilan ish bitmaydi»

Image

«Navbahor» - «Qo‘qon-1912» o‘yinidan so‘ng namanganliklar bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis PFL va O‘FA faoliyatini keskin tanqid qildi. Rossiyalik murabbiy chempionat boshlanishining kechga surilgani, PFL qo‘yayotgan tushunarsiz talablar va maydonlarning yomon holatda ekanidan noroziligini bildirdi:

«Biz mavsum boshlanishini intizorlik bilan kutdik. O‘zingiz ko‘rdingiz, har xil o‘zgarishlar qilishdi. To‘g‘risi, ular nima qilmoqchi bo‘lishayotganini umuman tushunmayapman. Endi 2-turni yana 20 kundan keyin o‘ynaymiz. Yuqorida aytganimdek, futbol federatsiyasidagilar nima qilmoqchi ekanliklarini tushunmayapman. Bunday g‘alati holatga birinchi marta to‘qnash kelyapman va bu menga erish tuyulmoqda. Lekin nima ham derdim, O‘zbekistonda yashayapmizmi, demak sizning qonunlaringiz bilan yashaymiz.

Maqsadimiz? Maqsadlarimiz katta, lekin bizda hali stadion yo‘q. Bunday maqsadlar uchun sharoit kerak. Biz oddiy shug‘ullanadigan stadionimiz bo‘lmay turib qanaqasiga futbolchidan natija talab qila olamiz? O‘zingiz o‘ylang, yam-yashil maydonda futbol o‘ynash qanday, qumda o‘ynash qanday? Farq katta, shundaymi?

Futbol federatsiyasi talablar qo‘yishni qoyillatmoqda: galstuk taq, beyjik taq, o‘yinga ma'lum vaqtda kel, lekin maydon yo‘q! Shudgorda futbol o‘ynayapmiz. Bu to‘g‘ri emas deb o‘ylayman. Shunday bo‘lsa-da, biz kamida o‘tgan mavsumdagi natijamizni takrorlashimiz kerak»,- dedi murabbiy.

«Javohirning ketganidan terma jamoa yo‘qotdi»

Image

«Navbahor» - «Qo‘qon-1912» o‘yinidan so‘ng qo‘qonliklar bosh murabbiyi No‘'mon Hasanov Javohir Siddiqovning ketganidan xafa bo‘lganini yashirib o‘tirmadi:

«Javohir Siddiqovning ketgani? Bu O‘zbekiston terma jamoasi uchun yo‘qotish bo‘ldi. Men Javohirning «Paxtakor»ga ketganini keyin bilib qoldim. U kattaroq jamoalarda o‘ynashi kerak edi, masalan Koreya jamoalarida. Yana takrorlayman, Javohirning «Paxtakor»ga ketgani to‘g‘ri bo‘lmadi»,- deydi Hasanov.

Ko‘proq yangiliklar: