Isroil Madrimov raqibini hushidan ketkazdi, Roxasni ringdan zambilda olib chiqishdi (video)

Sport 07:10 / 10.03.2019 114227

Professional boksning super yarim o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (2-0, 2 KO) o‘zining ikkinchi jangida ham muddatidan oldin g‘alaba qozondi.

U Nyu-Yorkdagi Verona shaharchasida joylashgan Turning Stone Resort & Casino arenasida ringga ko‘tarilib, chempionlik kamarini himoya qildi.

Venesuelalik Frenk Roxasga (24-3, 23 KO) qarshi 10 raundga mo‘ljallangan jangda Isroil Madrimov ikkinchi raunddayoq g‘alabaga erishdi. Dastlab raqibining jigar va bosh qismiga kuchli zarbalar yo‘llagan Isroil Madrimov Roxasni nokdaun holatiga tushirdi. Roxas birinchi vaziyatda o‘rnidan turishga muvaffaq bo‘ldi, ammo Madrimovning ketma-ket zarbalaridan so‘ng yana yerga quladi. Bu safar raundning 1:56 soniyasi o‘tib borayotganda Isroilning chap qo‘ldagi kross zarbasidan so‘ng raqib chuqur nokaut holatiga tushib qolgandi.

Sportchi uzoq vaqt o‘ziga kela olmadi va uni tez tibbiy yordam xodimlari maxsus zambillarga solgan holda olib chiqib ketishlariga to‘g‘ri keldi.

Ushbu g‘alaba evaziga Madrimov o‘zining WBA InterContinental chempionlik kamarini yana bir marotaba himoya qildi. Birinchi jangida u meksikalik Vladimir Ernandesni (10-3, 6 KO) 6 raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratib ushbu kamar sohibiga aylangandi.

Ketma-ket ikkinchi g‘alaba evaziga u WBA yo‘nalishida o‘z reyting pog‘onasini ham sezilarli ravishda yaxshilab oladi. 

Ko‘proq yangiliklar: