Andrey Fyodorov: «Yangi murabbiy kelgan jamoadan har qanday syurprizni kutish mumkin»

Sport 18:54 / 10.03.2019 5613

Toshkentning «Lokomotiv» klubi ertaga, 11 mart kuni OChL guruh bosqichining 2-tur o‘yinini Qatarning «Ar-Rayyan» klubi maydonida o‘tkazadi. Bosh murabbiy Andrey Fyodorov o‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida raqib jamoaning o‘tgan turdagi natijasi va unda murabbiy o‘zgarganiga oid fikrlarli bilan o‘rtoqlashdi, deb xabar bermoqda Tribuna.uz muxbiri.

«Biz doim yaxshi o‘yin ko‘rsatishni istaymiz, ammo natija qanday bo‘lishini hech kim bilmaydi. Sifatli futbol ko‘rsatib, yaxshi natijaga erishishga umid qilamiz. O‘z o‘yinimizni namoyish qilishga intilamiz, natija qanday bo‘lishini esa ertaga maydondagi 90 daqiqalik o‘yin ko‘rsatib beradi.

«Ar-Rayyan»ning birinchi turda yirik hisobda yutqazgani bizga qo‘l keladimi? Yo‘q, «Ar-Rayyan» 1:5 hisobiga loyiq emasdi, deb hisoblayman. O‘yinni ko‘rdik, o‘tkazib yuborilgan bu gollarni tasodif natijasi deyish mumkin. Bu yirik hisobga qarab, qaysidir klubning kuchi haqida gapirib bo‘lmaydi.

Raqib bosh murabbiyi o‘zgargan, demak undan nimani kutishni bilmaymiz, har qanday syurpriz bo‘lishi mumkin. Odatda murabbiy almashinuvi jamoa foydasiga xizmat qiladi. Ba'zida esa aksincha, futbolchilar yangi murabbiyning talablarini qabul qila olmasligi mumkin. Shunday ekan, bu borada fikr bildirish qiyin.

Oxirgi ikkita o‘yinimizda tezkor gol urganimiz bilan hisob yirik ko‘rinishga kelgani yo‘q, ammo ertaga ham tezda gol uradigan bo‘lsak va bu bizga uch ochko keltirsa, bundan faqat xursand bo‘lardim», – deya ta'kidladi Fyodorov.

Himoyachi Anzur Ismoilovning o‘yinoldi fikrlari esa quyidagicha bo‘ldi.

«Raqibimiz – juda yaxshi jamoa, sifatli futbolni yaxshi ko‘radi. Yangi murabbiy kelgan, demak, qandaydir o‘zgarishlar kutish mumkin. Biz o‘z uslubimizda o‘ynab, ochko bilan qaytishni xohlayapmiz.

O‘z uslubimiz deganda to‘pga va pozitsiyalarga egalik qilishni nazarda tutyapman. Quruq yugurish emas, to‘p bilan muomalada bo‘lish va uni o‘zimizda saqlab turishga harakat qilamiz», – deydi Ismoilov.

Eslatib o‘tamiz, birinchi turdan keyin «Loko» hisobida uch ochko bor – «temiryo‘lchilar» Toshkentda BAAning «Al-Vahda» klubini mag‘lub etishgandi (2:0). «Ar-Rayyan» esa Jiddada «Al-Ittihod»dan mag‘lub bo‘ldi – 1:5.

«Ar-Rayyan»-«Lokomotiv» uchrashuvi 11 mart, dushanba kuni Dohadagi «Jassim bin Hamad» stadionida mahalliy vaqt bilan soat 18:35da (Toshkentda 20:35) start oladi. Unda mezbonlar qizil, mehmonlar oq rangli libosda maydonga tushadi. Uchrashuv bosh hakami – yaponiyalik Hiroyuki Kimura.

Ko‘proq yangiliklar: