Odamlardagi ichki qo‘rquv, adabiyotdagi sayozlik va «labbaychi» rahbarlar. Ibrohim Haqqul bilan suhbat

Jamiyat 16:27 / 09.03.2019 41445

O‘zbek va jahon adabiyoti, uning muammolari, tahlillari yuzasidan qator ko‘rsatuv va suhbatlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola etib kelayotgan Kun.uz’ning navbatdagi suhbatdoshi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Ibrohim Haqqul bo‘ldi.

Adabiyotshunos olim bilan bugungi jamiyat va adabiyot haqidagi suhbatimiz ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Unda Ibrohim Haqqul nafaqat o‘zbek jamiyati va o‘zbek adabiyotidagi muammolar hamda illatlarni tanqid qildi, balki bu muammolardan qutilish borasida o‘zi to‘g‘ri deb bilgan fikrlarni ham o‘rtaga tashladi. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube.com

— Ustoz, bugun odamlarning ongini o‘zgartirish, yangicha dunyoqarashga o‘rgatish haqida ko‘p gapirilmoqda. Aslidayam, bugun yon atrofga diqqat bilan nazar solgan kishi aksariyat odamlar mayda masalalar, mayda fikrlar bilan o‘ralashib qolganini ko‘radi. Nazarimda, o‘sha mayda fikrlarni kattalariga, ongni, qarashni o‘zgartirishning bir yo‘li, vositasi kuchli adabiyotda ham yashiringandek. Sizningcha, bu borada hozirgi adabiyotimizga qanday asarlar kerak?

— To‘g‘ri, bugun mana shu savollar bilan har bir yozuvchi o‘zicha mashg‘ul bo‘lishi kerak.

Bugun hayotga hayot nazari bilan qaramasangiz, hayotning qo‘liga qo‘l uzatmasangiz, hech narsaga erisholmaysiz. 

Bugun ezgulik va yaxshilikka nisbatan yovuzlikning qanoti keng yozilgan, harakati ham shiddatli. Kechagi qotib qolgan tushunchalar yoki titig‘i chiqib ketgan aqlli gaplar bilan odamlarning ko‘ngliga yo‘l topib bo‘lmaydi. Shu ma’noda bugungi adabiyot odamlarga nima deyishi kerakligini chuqur his qilish kerak. 

 Kechagi yoki sobiq ittifoq davridagi tushunchalari bilan, o‘sha aql va o‘sha usullar bilan adabiyot qilaman degan odam bugun adashadi. Shuning uchun bugungi adabiyot yaratuvchisi shaxs masalasini oldingi o‘ringa chiqarishi kerak. Chunki, kuchli adabiyotni kuchli shaxslar yaratadi, mayda shaxslar emas. 

Katta, buyuk shaxslarni dunyoqarashi birdaniga o‘zi tozalanadi, chunki u millatning taqdirida hech kim ko‘rmagan haqiqatlarni, his qilmagan tushunchalarni biladi, his qiladi. Aytmoqchimanki, bugun yozuvchilarning adabiyot oldidagi mas’uliyati yangilanishi kerak. Bugungi millatning adabiyot orqali yangilanishga ehtiyoji bor.

— Qiziq jihati, shu savollarni bugungi zamon yozuvchisiga bersangiz, inkor qilinasiz. Jamiyatning muammolari, odamlarning ma’naviy ehtiyojlari haqida yozayotgan yaxshi yozuvchi va yozilayotgan yaxshi asarlar ko‘p, deyishadi.

— Agar o‘sha odamlarda saviya juda baland, bilim chuqur, san’atkorlik layoqati teran bo‘lsa, shu gaplarni aytmaydi. Chunki u birinchi bo‘lib o‘zining ishidan qoniqmaydi va birinchi bo‘lib aytadiki, men juda zo‘r asar yozishga harakat qilsam ham nimadir yetishmaydi, o‘zimni erkin his qilolmayman. 

Shuning uchun aytyapmanki, bugungi yozuvchilarning adabiyot haqidagi qarashlari, idroki yoki millat taqdiri, tarixi va dini bilan bog‘liq qarashlari juda sayoz. Bu an’anaviy sayozlik va u uzoqdan kelyapti. Bu sayozlikni birdaniga tuzatib bo‘lmaydi. Ko‘p yozuvchilarda ilm yo‘q va ana shu ilmsizlik tufayli ham ular yengil yozadi. Ular kimgadir saboq bermoqchi bo‘ladi, o‘zini tanitmoqchi bo‘ladi lekin hali o‘zini yaxshi tanimaydi.

Muhyi degan shoirimizning «Asrorqul» degan juda yaxshi she’ri bor. Bu she’rni Abdulla Qahhor ham bir asariga epigraf qilib olgan. Unda aytiladiki, «Ey, o‘z ahvolin bilmagan Asrorqul»... Bizda bugun ham o‘z ahvolini bilmasdan, iddaochilik qilish, ya’ni «asrorqulchilik» juda keng quloch yozgan.

— Suhbatimiz o‘z-o‘zidan jamiyat muammolariga qarab ko‘chayapti. Nazarimda, suhbat boshlarida aytganimiz, odamlarning ongida, jamiyatda bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘zgarishlarga kishilardagi ichki qo‘rquv ham ham sabab bo‘layotgandek va bu qo‘rquv odamlarni qo‘pol qilib aytganda «palag‘da» qilib qo‘ygandek. Sizningcha, bu ichki qo‘rquvga sabab nima va uni yo‘qotish uchun nimalar qilinishi kerak?

 — Mana shu qo‘rquv haqida qo‘rqmasdan fikrlashish kerak. 

 Bu bizning jamiyatimizda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan mash’um mavjudlik. O‘sha xonlar, sultonlar davridayam qo‘rquv bo‘lgan, lekin sovetlar hukumati vaqtida, xususan, 1937-yillardan keyin bu qo‘rquv millatning qon-qoniga singib ketgan. Chunki, o‘sha davrdagi qirg‘inlar, zulm, odamlarni qanday tahqirlashganini hatto o‘ylasangiz qo‘rqib ketasiz. 

1937 yildan keyin 1950-yillarda yana ham shunga o‘xshash qatag‘onlar bo‘ldi, millatning ko‘zga ko‘ringan vakillari qirg‘in qilindi. Bularning hammasi xalqning ichki qo‘rquvini kuchaytirgan. Bugungi yosh yozuvchida ham o‘sha 37-yillardagi yozuvchilarning qo‘rquvi yashaydi. 

Nazarimda, Gorbachyov davrida har qalay erkinlik bo‘lgandi. Odamlar fikrlarini erkin bayon qila boshladi, hatto milliy masalalar o‘rtaga tashlandi. Bu erkinlik mustaqillikkacha ham keldi. Ya’ni, mustaqillikning dastlabki davrlarida ham ahvol boshqacha edi. Lekin 1995-yillardan keyin qo‘rquv yana qayta «bosh ko‘tardi». Erkin fikrlashga bo‘lgan bir qadar taqiqlar boshlandi. Millat uchun qayg‘urgan ma’rifatparvar ziyolilarning ayrimlari jazolandi. Natijada, odamlar jasoratni emas, qullikni ifodalaydigan gaplardan ovunadigan bo‘lishdi. 

Eng yomoni, bugun prezidentimizga qiyinligi - qo‘rqoq va labbaychi odamlar amalga ko‘tarildi. Ularda jasorat deyarli yo‘q edi. Bu yerda aybni faqat bitta odamga qo‘ymaslik kerak. Aybni hammadan qidirish kerak.

Umummillat uchun xos bo‘lgan kamchilik nima? Undan qanday qutilish mumkin? Bugun ana shular haqida o‘ylashimiz kerak. Shuning uchun, millat fuqarosini tarbiyalashda hayotdan uzoq, kitobiy, quruq gaplarga qanoat qilmaslik kerak. Ana shunda ichki qo‘rquv yo‘qoladi, yo‘qsa yo‘qolmaydi. 

Bundan tashqari, suhbat davomida adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul bugungi jamiyat muammolarini yana nimalarda ko‘rishi, Islomdan suv ichmay qo‘ygan o‘zbek adabiyoti, jamiyatning umumiy muvaffaqiyatini ta’minlovchi omil, o‘zbek she’riyatining bugungi muhiti haqida ham shaxsiy qarashlari bilan o‘rtoqlashdi. 

Mazkur suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: