O‘zbekiston | 16:25 / 06.03.2019
43696
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibi o‘zgaradi

Foto: 123RF

Uch oydan keyin mamlakatda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibi o‘zgaradi. 4.03.2019 yildagi O‘RQ–526-son Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga tegishli tuzatishlar kiritildi.
 
Norma’ning yozishicha, umumiy qoidaga ko‘ra o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi, uni tasarruf etishga – sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, boshqa bitimlar tuzishga haqli emas. Bunday imorat sudning qaroriga binoan uni qurgan shaxs tomonidan buzib tashlanishi lozim. Biroq qoidadan ikkita istisno avvalboshdan nazarda tutilgan.
 
Birinchisi – o‘ziga ajratilmagan yer uchastkasida shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurgan imoratiga nisbatan mulk huquqini sud, basharti mazkur yer uchastkasi shu shaxsga qurilgan imorat uchun belgilangan tartibda ajratiladigan bo‘lsagina, e'tirof etishi mumkin. Ya'ni yer uchastkasini berish to‘g‘risidagi hokimlikning qarori bilan ham sudga murojaat qilish mumkin. Bu holda sud ishni sudda ko‘rishga tayyorlash bosqichida taqdim etilgan da'voga bo‘lgan munosabatini aniqlash uchun hokimlikni arz qilingan talab to‘g‘risida xabardor qiladi. Buning ustiga, hokimlik ushbu imorat qurilgan yer uchastkasini da'vogarga ajratishni rad qilgan taqdirda, ariza beruvchi ushbu qaror ustidan sud tartibida nizolashishi mumkin (OSPning 24.09.2004 yildagi 14-son qarori 24-bandi).

Biroq, boshqa tomondan, yer uchastkasi «quruvchiga» tegishli bo‘lmasa, uchastka o‘zboshimchalik bilan egallab olingan bo‘ladi. O‘ziniki bo‘lmagan uchastkada imorat qurib, so‘ng hokimlikdan uni ajratib berishni talab qilish imkoniyati kam deganda quyidagilarga zid keladi:

• yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga doir huquqbuzarliklarning oldini olish choralariga. Bunda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun sanksiyalar oshirilibgina qolmay, bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rmaganlik uchun javobgarlik ham joriy etilmoqda;
• yakka tartibda uy-joy qurish uchun yoxud tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yobga chiqarishning belgilangan tartibiga.

Ushbu ochiq-oydin ziddiyatlarni bartaraf etish uchun o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat joylashgan yer uchastkasini keyinchalik ajratib berish va, tegishincha, imoratning o‘ziga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish varianti chiqarib tashlanmoqda.

Shu tariqa, imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori bo‘lgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxslarning o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqigina e'tirof etiladi.

Qonun 6.06.2019 yildan kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid