Farg‘onada vafot etgan maktab o‘quvchisi kimyoviy dorini yutishga majburlanganmidi yoki yo‘q? - aniq tafsilotlar

Jamiyat 00:17 / 06.03.2019 74521

O‘tgan hafta ko‘plab ommaviy axborot vositalarida Farg‘ona viloyat O‘zbekiston tumani, O‘qchi qishlog‘idagi 17-umumiy ta'lim maktabi o‘quvchisining noma'lum kimyoviy modda yutib, vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Omma e'tiborini tortgan xabarlar mazmuni deyarli bir xil bo‘ldi. Ularda o‘quvchiga maktabdoshlari majburlab karbid moddasi yuttirishgani va oqibatda u og‘ir ahvolda kasalxonaga tushib, vafot etgani haqida yozildi.

Biz, Farg‘ona viloyatiga borib, mudhish voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishishga harakat qildik.

Bizni tuman hokimligi mutasaddilari kutib olib, mavjud savollarga tegishli javob olishimiz uchun tuman xalq ta'limi va tibbiyot birlashmasi rahbarlarini chaqirib berishdi.

Tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri o‘rinbosari Tohirjon Rahimov 17- umumiy ta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi S.A. 2019 yil 15 fevral kuni maktabga 07:30 da kelib, olti soat dars mashg‘ulotlarida qatnashganini, ta'lim dargohida o‘quvchiga sinfdoshlari, yuqori sinf o‘quvchilari, pedagoglar tomonidan hech qanday tazyiq o‘tkazilmaganini bildirdi. 13:05da darslar tugagach, S.A. avval buvisining uyiga keyin o‘zining xonadoniga boradi. So‘ng uning qattiq baqirgan tovushi eshitilgach, qo‘shnilari kirganida bola qornini ushlab yig‘layotgan bo‘lgan. O‘quvchi shu kuni shifoxonada yotqizilib, jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan.

So‘ng tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi o‘rinbosari Akmaljon Rasulov bilan suhbatlashganimizda shifokor quyidagi ma'lumotlarni berdi:

“Bemor 15 fevral kuni 15:20da “kimyoviy moddadan zaharlanish” tashxisi bilan jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. So‘ng navbatchi shifokorlar tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, shoshilinch operatsiya qilindi. Operatsiyadan so‘ng bemorga, “Oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichakning noma'lum modda tufayli kimyoviy kuyishi va jarohatli yorilishi, katta charvi kimyoviy kuyishi, oshqozon osti ikkilamchi pankratiti, gamoperitonium, gemoragik shok, og‘ir daraja” tashxisi qo‘yilgan. Shundan so‘ng S.A. yana bir bor jarrohlik operatsiyasiga yotqizilib, 26 fevral kuni vafot etdi”.

Shundan so‘ng tuman xalq ta'limi mutasaddisi bilan marhum o‘qigan maktabga bordik.

Muassasa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zarifjon Tojiboyev S.A. eng a'lochi va bilimga chanqoq o‘quvchilardan biri bo‘lganligini aytdi. Maktabda sharoitlar yomon emas. Marhum o‘qigan 9-sinf xonasiga ham kirdik. Maktab axborot resurs markazi Muhabbatxon Ebotova S.A.ning eng kitobxon o‘quvchi bo‘lgani va olti oy davomida 37 kitob mutolaa qilgani haqida gapirdi.

Ustozlar maktabda muhit ijobiy va o‘quvchiga kimnidir tazyiq o‘tkazishi yoki S.A.ning juda hayotga tashna va harakatchan ekanligi uchun o‘ziga zarar yetkazishi ham aqlga sig‘masligini aytdilar. S.A. juda odobli va a'lochi o‘quvchi bo‘lgan.

Shunday qilib, vafot etgan o‘quvchiga maktabdoshlari tomonidan kimyoviy dori yutishga majbur qilingani haqida aniq dalillar yo‘q. Mazkur hodisa bo‘yicha prokuratura va huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shifokorlar S.A. bemorligida ham surishtiruv ishlari olib borilganligi va u gapira olmagani uchun voqeani oq qog‘ozga yozib berganini aytishdi. Bir so‘z bilan aytganda mash'um hodisa suitsid yoki boshqa jinoyat ekanligini faqat tergov ishlari yakuniga yetgach bilib olamiz.

Bir o‘quvchi, o‘z ota-onasining jigarbandi bo‘lgan farzandning sirli vafot etishi — joylardagi hokimliklar, ta'lim sohasi xodimlari, ustozlar, mahalla vakillarining kelajak avlod tarbiyasiga yanada mas'uliyat bilan yondashishlari zarurligini anglatadi.

O‘z muxbirimiz.

Ko‘proq yangiliklar: