Chempionlar HumoArena haqida: Yangi sport saroyining ochilishi O‘zbekistonga nima beradi?

Jamiyat 23:00 / 06.03.2019 27569

Bugun, 6 mart kuni Toshkent shahrida ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekistonning mashhur sportchi va chempionlari bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazishdi. Tadbir mamlakat uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi HumoArena muz kompleksining ochilish marosimi oldidan bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda o‘zbek sporti yulduzlari - Ruslan Nuriddinov, Azamat Abduraimov, Oksana Chusovitina, Abdulla Tangriyev, Iroda To‘laganova, Mirjalol Qosimov va Shamsiddin Vohidovlar ishtirok etishdi. Tadbir doirasida sportchilar Kun.uz muxbirining HumoArena muz sport kompleksining ishga tushishi O‘zbekistonga nima berishiga doir savoliga javoban quyidagi fikrlarni bildirishdi:

Ruslan Nuriddinov, og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya chempioni:

"HumoArena haqida gapiradigan bo‘lsak, uning ochilishi O‘zbekistonda qishki sport turlarini rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlarga yo‘l ochadi. Endi xokkey, figurali uchish kabi sport turlari ko‘pchilik uchun orzu emas, haqiqatga aylanadi. Umid qilamizki, qishki sport turlari butun O‘zbekiston bo‘ylab rivojlanadi, buning uchun birinchi, eng katta qadam tashlandi. Shu ishni viloyatlar kesimida ham davom ettirilsa va bundan barcha birdek manfaatdor bo‘lsa, harakatlar o‘z natijasini bermay qolmaydi. HumoArena muz saroyining qurilishi kelajakda O‘zbekiston sportchilarining qishki olimpiadalarda g‘alaba qozonishiga zamin yaratadi".

Jahon gimnastikasi afsonasi, Oksana Chusovitina:

"Bunday arena O‘zbekistonga juda kerak edi. Reglamentga muvofiq xalqaro musobaqalarni o‘tkazish imkoni bu. O‘ylashimcha, u yerda sportning barcha turlari bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazish mumkin, Osiyo chempionati, Jahon chempionatlari shular jumlasidandir. Ehtimol, sport gimnastikasi bo‘yicha xalqaro musobaqalar o‘tkazilar. Shu bilan birga, u yerda kerling bo‘yicha musobaqalar o‘tishi mumkin. Odamlar hatto qiziqqanidan u bilan shug‘ullanishi mumkin, shaxsan men ham. Qanday bo‘lmasin, HumoArena kabi sport kompleksi bizga juda kerak edi. Hali ko‘p ota-onalar arenaga o‘z farzandlarini qishki sportlari bilan shug‘ullanish uchun ham olib kelishadi, deb o‘ylayman, chunki bu O‘zbekiston uchun yangilik. Qachonlardir meni ham 5 yoshimda figurali uchishga qiziqib sobiq "Yubileyniy" saroyiga borganman, lekin nima uchundir bu sport turi o‘sha paytlar menga qiziq emasdek tuyulgan va men o‘zimni gimnastikaga bag‘ishlaganman".

Abdulla Tangriyev, dzyudo va kurash bo‘yicha xalqaro toifali sport ustasi, dzyudo bo‘yicha jahon chempioni:

"HumoArena nafaqat qishki sport turlari, balki xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish uchun ayni muddao. Bunday arenaning barpo etilishi sportchilarimiz va umuman yurtimizning yutug‘i deb bilaman. Vatandoshlarimiz dunyoning eng kuchli sportchilarini mana shu maydonda ko‘rish imkoniga ega bo‘lishadi. Kelgusida sportchilarimizning xokkey yoki figurali uchish bo‘yicha yutuqlarga erishishida ushbu arenaning xizmati katta bo‘ladi, deb o‘ylayman. Masalan, biz dzyudo bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazamiz deganimizda ham, 100 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashadigan musobaqalar uchun munosib zal topa olmas edik. Endi esa bunday arenalar qurilganidan keyin O‘zbekistonda ham dzyudo bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilsa, ajab emas".

Iroda To‘laganova, O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi, tennis bo‘yicha respublika ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi, yakkalik bahslarida 3 martadan WTF va ITF turnirlari g‘olibi:

"O‘zbekistonda HumoArena'dek muz saroyining qurilishi mamlakatda qishki sport turlarini rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi. O‘ylashimcha, kompleks ochilishi bilan juda ko‘p bolalar xokkey va figurali uchish bilan shug‘ullanish uchun kelishadi. Bizda anchadan beri qishki sport turlari bo‘lmagan edi, shu bois muz arenasining ochilishi mamlakat uchun katta yutuqdir. U yerda shuningdek xalqaro darajadagi musobaqalarni o‘tkazish mumkin bo‘ladi, zero kompleks ko‘p funksional bo‘lib, u yerda qator sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish mumkin bo‘ladi".

Azamat Abduraimov, futbol bo‘yicha 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari chempioni, ayni damda murabbiy:

"Aytilgan barcha fikrlarga qo‘shilgan holda, shuni aytmoqchi edimki, barchamiz televizor orqali figurali uchish va xokkey musobaqalarini sevib tomosha qilamiz, O‘zbekistonda qurilgan HumoArena sport saroyida ana shunday musobaqalar va festivallar o‘tkazilsa, vatandoshlarimiz u yerga tashrif buyurib, ushbu musobaqalarni o‘z ko‘zlari bilan tomosha qilish imkoniga ega bo‘lishadi, bu juda muhim. Televizorda ko‘rish boshqa, bunday o‘ta zamonaviy arenaga kelganda esa, mutlaqo boshqacha hissiyotlar qamrab oladi".

Mirjalol Qosimov, o‘zbek futbolining yetakchi namoyondalaridan biri, uch karra O‘zbekiston chempioni, Rossiyaning futbol bo‘yicha chempioni, futbol bo‘yicha 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari chempioni:

"Birinchi navbatda ota-onalar o‘zlarining turli yoshdagi farzandlarini olib kelishi va ularning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlashlari uchun ularning orasida targ‘ibot ishlarini o‘tkazish zarur. Ota-onalar farzandlarining tabiati, ularning temperamentini va sportning aynan qaysi turi bolaga to‘g‘ri kelishini yaxshi bilishadi. HumoArena muz kosmpleksining o‘zi - ko‘p funksionalli, demak, u yerda turli seksiyalar va yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yiladi. Ko‘p narsa ommaviy axborot vositalariga bog‘liq: motivatsiya beruvchi roliklar, materiallar tayyorlash zarur, toki ota-onalar bundan xabar topib, farzandlarini sport bilan shug‘ullanish uchun olib kelishsin. Bu millat kelajagi uchun ham juda katta foyda bo‘ladi".

Shamsiddin Vohidov, Shaxmatning rapid yo‘nalishidagi bahslarda norvegiyalik grossmeyter, amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen ustidan g‘alabaga erishgan 16 yoshli shaxmatchi:

"HumoArena O‘zbekistonda qishki sport rivoji uchun zamin yasaydi. Biz tengi yoshlar o‘zlari yaxshi ko‘rgan xokkey musobaqalarida ishtirok etishlari mumkin. Kelajakda sportchilarimizning qishki o‘yinlar bo‘yicha g‘oliblik olib kelishlariga tilakdoshmiz".

Ko‘proq yangiliklar: