Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «sun'iy tuxumlar» mavzusi muhokama etilmoqda.
Fevral oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda sun'iy tuxumlar sotilayotgani haqida xabarlar tarqalgach, O‘zbekiston Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi mutasaddilari tomonidan «O‘rikzor» bozorida tekshiruv o‘tkazildi. Tekshirilgan tuxumlar binoyidek chiqqan.
Parranda tuxumi bilan savdo qiluvchi tadbirkorlar bilan birma-bir suhbat o‘tkazilib, savdo yurituvchilarga sanitariya, xususan, tibbiy daftarchalarga ega bo‘lish hamda mahsulotlarga beriladigan veterinariya ma'lumotlarini taqdim etish talablari qo‘yilgan.
Savdoda bo‘lgan tuxumlardan namunalar olinib, har bir sotuvchining o‘zi guvohligida qisqa muddatli ko‘rgazmali tekshiruv o‘tkazilgan. Xulosalarga ko‘ra, tekshiruv davomida tuxum namunalari iste'molga yaroqli ekani aniqlangan.
Keyinroq «sun'iy tuxumlar» Samarqand bozorlariga ham yetib kelgani haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqda Oqdaryo tumanining Loyish shahrida shunday holat qayd etilgan haqida xabar tarqaldi.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari (IHHQJ) viloyat hududiy birlashmasi qoshida ishchi guruhi tashkil etilib, vaziyat o‘rganildi. Loyish dehqon bozori hududida parranda tuxumi bilan savdo qiluvchi 17 nafar tadbirkorlarning mahsulotlari tekshiruvlardan o‘tkazildi. Tuman DSENM xodimi Sh.Qosimov, VSE (Veterinariya Sanitariya Ekspertiza) laboratoriyasi mudiri Sh.G‘aniyev hamda IHHQJ viloyat hududiy birlashmasining Oqdaryo tuman jamiyati raisi T.Eshmurodov ishtirokida, joriy yilning 25 fevral kuni tuzilgan dalolatnomada keltirilishicha, sotuvdagi parranda tuxumlari davlat standartlariga to‘g‘ri keladi, ya'ni iste'molga yaroqli. Tekshirishlar natijasiga ko‘ra, parrandalarga berilgan yemdagi gormonlarning ko‘pligi oqibatida, tuxum sarig‘i shunday holga kelgan. (Cho‘ziluvchan, uvalanmaydigan va biroz qoramtir)
T.Eshmurodovning so‘zlariga ko‘ra, xorijdan keltirilayotgan bunday tuxumlarni oddiy uy sharoitida faqat qaynatibgina farqlash mumkin, qovurganda yog‘ga aralashib, o‘ziga xosligini yo‘qotadi. Oqsilining ta'mini farqlab bo‘lmaydi, kesganda ham sarig‘i uvalanmaydi, ta'msiz, hidsiz. Po‘sti ham tabiiy tuxumnikiga qaraganda ancha nozik.
«Ayni kunda o‘rganish-monitoring ishlari viloyatning barcha tumanlarida o‘tkazilmoqda. Hozircha rezina tuxumlar hech qayerda qayd etilmadi. Monitoring natijalari xususida muntazam xabarlar berib boramiz», deydi Samarqand viloyat IHHQJ viloyat hududiy birlashmasi sektor boshlig‘i Gulchehra Berdiyorova.