O‘zbekiston | 09:11 / 05.03.2019
20778
6 daqiqa o‘qiladi

Soliq kodeksi yangi modda bilan to‘ldiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi 474–I-sonli Qonunining 5-moddasi quyidagi mazmundagi 12-1-band bilan to‘ldirilishi mumkin:

“12-1) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq qarzini undirish choralarini ko‘rish”.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan O‘RQ–136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi:

65-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish davlat soliq xizmati organining da'vo arizasi asosida sud tartibida amalga oshiriladi, bundan ushbu Kodeksning 651-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno”;

quyidagi mazmundagi 65-1-modda bilan to‘ldiriladi:

“65-1-modda. Davlat soliq xizmati organining qarori asosida undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish

Undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi qaror soliq to‘lovchi soliq qarzini yozma tan olgan va u undiruvni uning mol-mulkiga qaratish haqida ogohlantirilgan taqdirda davlat soliq xizmati organi tomonidan qabul qilinishi mumkin.

Soliq qarzini yozma tan olish elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadigan elektron hujjat shaklida taqdim qilinishi mumkin.
Davlat soliq xizmati organining undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi qarorida quyidagilar ko‘rsatiladi:

1) qaror qabul qilgan davlat soliq xizmati organining nomi;
2) qaror qabul qilingan sana va uning raqami;
3) yuridik shaxsning to‘liq nomi, yakka tartibdagi tadbirkorning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va joyi, pasport ma'lumotlari (seriya, raqami va pasport berilgan sana);
4) soliq to‘lovchining joylashgan joyi (pochta manzili), bank rekvizitlari va identifikatsiya raqami;
5) har bir soliq yoki majburiy to‘lov turi bo‘yicha qarzdorlik miqdori, shuningdek tegishli qarzdorlik o‘tkazilishi lozim bo‘lgan Davlat budjetining g‘aznachilik hisobi rekvizitlari ko‘rsatilgan soliq qarzining summasi;
6) qarorning kuchga kirish sanasi;
7) qaror ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi.

Undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi qaror davlat soliq xizmati organining rahbarlari tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.

Undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish to‘g‘risidagi davlat soliq xizmati organi qarorining nusxasi u chiqarilgan kundan ikki ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda soliq to‘lovchiga tilxat olib topshiriladi yoki topshirilganligi ma'lum qilinadigan buyurtma xat orqali yuboriladi.

Davlat soliq xizmati organi qarori uning nusxasi soliq to‘lovchiga topshirilgan kundan e'tiboran o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.

Davlat soliq xizmati organining qarori kuchga kirgandan so‘ng uch kundan kechiktirmay majburiy ijro qilish uchun davlat ijrochisiga yuboriladi.
Davlat soliq xizmati organining qarori davlat ijrochisiga davlat soliq xizmati organi rahbarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat shaklida axborot tizimi orqali yuborilishi mumkin.

Davlat soliq xizmati organining qaroriga quyidagilar ilova qilinishi shart:

1) ushbu Kodeks 60-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda soliq to‘lovchiga talabnoma topshirilganligi (yuborilganligi) dalili ilova qilingan soliq qarzini uzish to‘g‘risidagi talabnoma nusxasi;
2) soliq qarzdorligi summasini tan olganligi haqidagi soliq to‘lovchining xati nusxasi;
3) davlat soliq xizmati organi qarorining nusxasi soliq to‘lovchiga topshirilganligini tasdiqlovchi hujjat.

Davlat soliq xizmati organining qarori asosida undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi.

Soliq qarzini undirish uchun davlat ijrochilari tomonidan soliq to‘lovchilarning bank hisobvaraqlariga inkasso topshiriqnomalari qo‘yilayotganda davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzining shunga o‘xshash summasiga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalarining ijrosi bekor qilinadi”.

123-moddaning uchinchi qismi “shu jumladan, qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirishni,” degan so‘zlardan keyin “undiruvni soliq to‘lovchining mol-mulkiga qaratishni,” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 24 yanvarda qabul qilingan O‘RQ–461-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi 135-moddasining 1-bandi chiqarib tashlanadi.

Mavzuga oid