O‘zbekistonlik talabalar rus tili bo‘yicha xalqaro onlayn olimpiadada g‘olib bo‘lishdi

Jamiyat 12:27 / 05.03.2019 2963

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari Tyumen davlat universiteti tashabbusi bilan an'anaviy tarzda o‘tkaziladigan rus tilini xorijiy til sifatida o‘zlashtirish darajasini tekshiruvchi xalqaro olimpiadada ishtirok etishdi.

Universitet matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Nigeriya, Vetnam, Suriya, Kolumbiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Venesuela, Jazoir, Janubiy Osetiya, Serbiya, Malayziya, Misr, Ekvador, Gana, Chad, Marokash, Afg‘oniston, Mali, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Zambiya va boshqa ko‘plab davlatlardan saralangan 104 nafar yoshlar tanlovning yakuniy bosqichiga yetib kelishdi. Ular orasida o‘zbekistonlik 20 nafar talaba ham bor edi. Ikki bosqichli olimpiadada talabalarning rus tilida tinglab tushunish, so‘zlash va mantiqiy izchillikda bexato yozish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.

Teng kurashlar ostida o‘tgan bilimlar bellashuvida A va B guruhlarida mutlaq g‘oliblik Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalariga nasib etdi. B daraja bo‘yicha birinchi o‘rinni Usmonova Nilufar va A daraja bo‘yicha peshqadamlikni Mamarasulov Tolib qo‘lga kiritgan bo‘lsa, boshqa ko‘plab sovrinli o‘rinlar ham aynan O‘zbekiston vakillariga nasib etdi.

Umumjamoa hisobida O‘zbekistondan keyingi o‘rinlarni Suriya, Tojikiston, Afg‘oniston, Zambiya, Vetnam va Misr vakillari qo‘lga kiritishdi. Tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi ham onlayn rejimida o‘tkazildi. Barcha sovrindorlar nomi ma'lum qilinib, ularga g‘oliblik sertifikatlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ma'lumot uchun, mazkur olimpiada g‘oliblariga Rossiya OTMlarida ijtimoiy soha bo‘yicha magistraturaga kirish imkoniyati beriladi, qolaversa, ularni Tyumen davlat universiteti yozgi maktabiga taklif etishadi.

Ko‘proq yangiliklar: