O‘zbekistonda taklif qilinayotgan antiqa o‘zgarishlar reytingi

Jamiyat 23:17 / 05.03.2019 26432

O‘zbekiston va undan tashqarida bo‘lgan fuqarolar mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ko‘zlab, turli sohalarga oid, shu bilan birga yirik masshtabli o‘zgarish va yangiliklarni taklif etmoqda. Ushbu tashabbuslar ijtimoiy tarmoqlarda ham katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Quyida takliflar ketma-ketligini taqdim etamiz. 

5. Ma'naviyat va ma'rifat markazi so‘z ustalariga ssenariy tuzishda taklif bildirdi.

Ma'naviyat va ma'rifat markazi tomonidan qiziqchilik san'ati ustalarining ommaviy tadbirlardagi chiqishlariga tayyorlanish, ssenariyni tuzishda hamkorlik qilish taklif etildi. 

26 fevral kuni Toshkentdagi «Turkiston» saroyining majlislar zalida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan «Badiiy so‘z san'ati va sahna mas'uliyati» mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi vakili ana shunday taklifni ilgari surib, ishlarni hamkorlikda tashkil etishni ma'lum qildi.

4. Voyaga yetmagan farzandi bor ayollarning xorijga chiqishini cheklash taklifi bildirildi.

Xalq deputatlari Piskent tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida deputat Marhabo Qurbonova tarbiyasida yosh bolasi bo‘lgan ayolning xorijga chiqishini cheklashni taklif qildi.

«Kommunal to‘lovlardan qarzingiz bo‘lsa, xorijga chiqa olmaysiz. Bunga qonunchiligimiz yo‘l qo‘ymaydi. Ammo 3-4 nafar voyaga yetmagan farzandi bor ayollar chet elga bemalol chiqib ketmoqda. Buni tartibga solish kerak. Axir, xorijga ketgan onalarning farzandlari tarbiyasidagi muammolar, bu orqali oiladagi ma'naviy muhit va jamiyatga yetkazilayotgan zarar xorijda topilgan boylikdan bir necha barobar ko‘p ekanini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi», — deya taklifini asoslagan u. 

3. Poytaxtni Jizzaxga ko‘chirish taklif etildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Evril Turon O‘zbekiston poytaxtining Toshkent shahridan Jizzax viloyatiga o‘zgartirishni taklif etdi. U bu haqda «Oltin o‘lka» essesida bayon qilib, taklifini asoslantirishga uringan. 

2. O‘zbekiston nomini o‘zgartirish taklif etildi.

Xitoyda ta'lim olayotgan o‘zbekistonlik talaba O‘zbekiston nomini Uzbekland yoki Heartland etib o‘zgartirishni taklif qildi. Uning aytishicha, -iston qo‘shimchasi mamlakat jozibadorligini bo‘g‘ib turibdi. 

1. O‘zbekistonda Erkaklar qo‘mitasini tashkil etish taklifi bildirildi.

Ekspert Jamila Shermuhammedova O‘zbekistonda Erkaklar qo‘mitasini tashkil etish masalasiga jiddiy qarashni so‘ramoqda. Uning aytishicha, oilada erkakning, otaning o‘rni ko‘tarilmas, u haqda kitoblar yozib, maqomini ulug‘lanmas ekan, oila mexanizmidagi ayrim elementlar yaxshi ishlamaydi, ajrimlar soni ortaveradi.

Ko‘proq yangiliklar: