Chiroqchida ish qizg‘in. Ko‘kdalada ertapishar tarvuz yetishtirilmoqda

Jamiyat 12:21 / 05.03.2019 9741

Chiroqchi tumanida yaqindagina faoliyat boshlagan Qashqadaryo viloyati tarvuz-qovun yetishtiruvchilar assotsiatsiyaga Prezident sovg‘asi – «Spark» avtomobili topshirilgan edi.

Assotsiatsiyada tarvuz ekishni xohlaganlar uchun barcha uslubiy yordamlar berib borilmoqda va tarvuz-qovun yetishtiruvchilar uchun zarur bo‘ladigan urug‘liklar, preparatlar, texnikalar va boshqa vositalar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatlari mavjud.

Tumanning Ko‘kdala hududida oqar suv kam. Yastanib yotgan bepoyon kengliklar, unumdor tuproq esa o‘zi ulkan xazina. Hozirgi kunda ko‘kdalaliklar ana shu yerlardan unumli foydalanib, erta pishuvchi tarvuz yetishtirishmoqda. Tilimi tilni yoradigan bu poliz mahsulotining ta'mi, mazasi, ko‘rinishi va sifati juda yuqoriligi bilan ajralib turadi. 100-120 metr chuqurlikdan suv chiqarib, ekin-tikin qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Ko‘kdalaliklar esa buni uddalashmoqda. Yetishtirilayotgan tarvuz ekologik toza, sog‘liq uchun juda foydali. Chunki bu yerda umuman mineral o‘g‘it ishlatilmaydi.

Shu jihatdan aytish joizki, Ko‘kdalaning tuprog‘i, iqlimi va suvi tarvuz yetishtirish uchun juda qulay. Bundan tashqari, shu yerda ter to‘kib ishlayotgan sohibkorlar mehnatining samarasi ham bu.

Ko‘kdalada omilkor dehqonlar safi tobora kengayib bormoqda. Shu bois, bu hudud poliz, meva va sabzavot mahsulotlari yetishtirishda viloyatdagina emas, mamlakatimizda ham munosib o‘ringa ega. Ayniqsa, bu yerlarda plyonka ostida ertagi tarvuz yetishtirish borasida o‘ziga xos tajriba mavjud.

Ko‘kdala aholisi esa plyonka ostida ertapishar tarvuz yetishtirishning hadisini olgan. Bu haqda gap ketganda, avvalo, Ulug‘bek Jumanazarovning nomi tilga olinadi. Uning poliz maydonida bo‘lib, odamlarning gapi rostligiga amin bo‘ldik. May oyining boshidayoq tarvuzlar pishib yetiladi. Chertib, tanlab olaverasiz.

«Qaqroq cho‘lda dehqonchilikni boshlaganimda, bilasizmi, «Ajoyib xayolparast» deb harakatlarimga shubha qilganlar ham bo‘ldi. Hozir-chi? O‘tamaylida tarvuz ekmagan odam yo‘q. Muhimi, tarvuzlarimiz ekologik toza, sog‘liq uchun juda foydali. Biz umuman mineral o‘g‘it ishlatmaymiz. Ba'zan o‘ylab qolaman, ilgari qishlog‘imiz yerlari yantoqzor edi, bugungi manzara esa butunlay boshqacha. Nega deganda, odamlar yaratuvchanlik kayfiyati bilan mehnat qilmoqda. Ro‘zg‘orini butlab, shinam uylar qurgan holda, to‘y boshlashyapti. Saxovat ishlariga bosh qo‘shishga ham qurbi yetmoqda», - deydi Ulug‘bek Jumanazarov.

Joriy yilda chiroqchiliklar 14 ming gektar maydonda ertapishar tarvuz yetishtiradi. Aholi dasturxoniga va eksport uchun har galgidan ertachi sarxil mahsulot yetkazib berish maqsadida hudud dehqonlari ushbu mavsumga puxta tayyorgarlikni boshlab yuborishdi. Allaqachon lalmi maydonlarga plyonka ostiga tarvuz urug‘larini qadashga ham kirishilgan. Bahorning oxiri va yoz faslining boshi bilan Chiroqchining mirishkorlari 250 ming tonnadan ortiq hosil yig‘ishtirib olish va iste'mol bozoriga chiqarishni mo‘ljal qilishgan.

Ko‘proq yangiliklar: