Buxoro shahridagi yangi bozor bir necha yildan buyon ishga tushirilmayapti. Hokimlik zarur choralarni ko‘radimi?

Jamiyat 12:30 / 05.03.2019 12532

Iqtisodiyotining rivojlanishi va aholining farovonligini ta'minlashda bozorlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham respublikamizning turli hududlari, shahar va tumanlarida zamonaviy bozorlar qurilmoqda. Albatta, tadbirkorlarning barqaror faoliyat yuritishida va o‘z biznesini rivojlantirishda ham bozorlar muhim o‘rin tutadi.

Tadbirkor umid bilan yangi qurilayotgan zamonaviy bozordan do‘kon xarid qilsa, ammo bir necha yil o‘tib ham faoliyatini boshlay olmasa-chi? Bu uning tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Kun.uz tahririyatiga ana shunday holatga tushgan tadbirkorlardan kelgan murojaat asosida Buxoro shahrida shu mazmundagi masalani o‘rgandik.

«2015 yil 13 fevralda shahar hokimligida o‘tkazilgan tanlov savdolarida «Mustaqillik» ko‘chasida qurilishi belgilangan buyum savdo majmuasidagi do‘konlar yer uchastkalari sotildi. Men rahbarlik qilayotgan korxona ham tanlov g‘olibi deb topilib, 5ta yer uchatskasini sotib oldik. O‘sha payti 30 million so‘mdan pul to‘ladik (o‘sha vaqtda bu summa 10 ming AQSh dollarini tashkil qilgan). Ammo mana qariyb besh yilga yaqin vaqt o‘tayaptiki, bu savdo majmuasi faoliyati yo‘lga qo‘yilmaydi. Mablag‘larimiz ham shuncha vaqtdan buyon muzlab turibdi. Bu holatdan ko‘pgina tadbirkorlar norozi. Qurilish tashkiloti haligacha ishlarni yakuniga yetkazmay, paysalga solmoqda. Qurilish ishlari yakuniga yetgan deyishadi, ammo hali kamchiliklari ko‘p, ishlar sifatsiz olib borilgan. Savdo majmuasi atrofi hanuz obodonlashtirilmagan. Buxoro shahar hokimligi mutasaddilari bu borada zarur choralarni ko‘rmayapti. Bu esa tadbirkorlik faoliyatimizga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda», – deydi tadbirkor Shuhrat Karimov.

Ushbu e'tirozlar asosida yangi qurilgan savdo majmuasini ko‘zdan kechirdik. Bir qarashda kishida qurilishi yakuniga yetkandek tasavvur uyg‘otsa-da, majmua ichidagi do‘konlarda hali kamchiliklar bor. Do‘konlarning eshiklari hali to‘liq o‘rnatilmagan. Tadbirkor aytganidek, qurilish sifatsiz olib borilgan. Hali ishga tushmagan do‘konlarning ayrimlarining devorlari ko‘chib tushgan, yog‘ingarchilik vaqtlari ayrimlarining tomidan chakka o‘tganini ko‘rish mumkin. Savdo majmuasi atrofi asfaltlanmagan va tegishli obodonlashtirish ishlari olib borilmagan.

O‘rganish davomida ushbu masala yuzasidan Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov bilan uchrashdik.

«Ushbu savdo majmuasi bir necha yillardan buyon ishga tushmayotgani rost. Ammo buning o‘z sabablari bor. Bu masalani qurilish tashkiloti rahbari bilan ham bir necha marta muhokama qilganmiz. Tanlovda g‘olib bo‘lgan ayrim tadbirkorlar hanuzgacha belgilangan to‘lovlarni amalga oshirmagan. Ushbu savdo majmuasini tezroq ishga tushirishdan biz ham manfaatdormiz. Shuning uchun bu masalani ijobiy hal etish uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz», deydi shahar hokimi.

O‘rganish davomida mazkur savdo majmuasining qurilish ishlarini amalga oshirgan «Soxtmoni Rushnoiy» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari bilan uchrashishning imkoni bo‘lmadi.

Buxoro shahar hokimligi ma'lumot berishicha, 2015 yilda auksion savdolari orqali «To‘qimachi dehqon bozori» MChJ hududiga tutash bo‘lgan joyda 205ta savdo do‘koni tanlov savdolari orqali sotilgan bo‘lib, ushbu savdo do‘konlarini qurish uchun «Soxtmoni Rushnoiy» mas'uliyati cheklangan jamiyati biriktirilgan. Savdo do‘konlari egalari tasdiqlangan qurilish smetasiga asosan to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar bo‘yicha quruvchi bilan shartnomalar tuzgan.

Hozirgi kunda quruvchi tashkilot tomonidan 205ta savdo do‘koni to‘liq qurib, bitkazib berilgan. Ammo do‘kon egalaridan faqat 129 nafari smetada ko‘rsatilgan to‘lovlarni to‘liq to‘lagan bo‘lib, qolgan yana 71 kishi to‘lovning 9 foizdan 95 foizichaga qismini to‘lashgan, 5 kishi esa to‘lovlarni umuman to‘lamagan. Do‘kon egalari tomonidan to‘lanmay qolayotgan jami 821,4 million so‘mlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha shahar hokimligi nomidan rasman bir necha marta ogohlantirish berilgan. Ushbu tadbirkorlar tomonidan mazkur to‘lovlar o‘z vaqtida to‘liq to‘langanida savdo majmuasi atrofi to‘liq asfaltlashtirib, oqova tizimlariga ulab, to‘liq ishga tushirilgan bo‘lar edi.

Bundan tashqari, shartnomada ko‘rsatilgan to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha savdo do‘konlari egalari bilan Buxoro shahar hokimligi tomonidan bir necha bor yig‘ilish o‘tkazilganiga qaramay, ushbu to‘lovlarni to‘lash paysalga solib kelinmoqda.

Yuqorida ko‘rsatilgan muammolar sababli ushbu savdo majmuasini belgilangan muddatda to‘liq ishga tushirib, tadbirkorlarni ko‘chirib, faoliyatlarini boshlashning imkoni bo‘lmayapti.

Ayni vaqtda Buxoro shahar hokimligi tomonidan savdo majmuasi ishga tushirilishini tezlashtirish bo‘yicha shtab tashkil etilgan.

Ammo ayrim tadbirkorlarning belgilangan to‘lovlarni amalga oshirmagani tufayli boshqa tadbirkorlarning ham jabr ko‘rishi to‘g‘ri emas.

Shu bois, Buxoro shahar hokimligi bir necha yillardan buyon ishga tushirilmayotgan savdo majmuasi muammosini ijobiy hal etish borasida zarur choralarni ko‘rishi lozim.

Kun.uz bu masala yuzasidan voqealar rivojini kuzatib boradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: