Jyeneva avtosaloni boshlanishi arafasida Yevropaning yil avtomobili tanlovi g‘olibi e'lon qilindi. Unga ko‘ra, Jaguar I-Pace elektr krossoveri yil avtomobili deb topildi. Britan markasi modeli ilk bor bunday yuqori nomni oldi.
Eng yaxshi mashina 23 ta davlatdan 60 jurnalistdan tashkil topgan hakamlar hay'ati ovoz berishiga ko‘ra aniqlangan. Tanlovning yarim asrlik tarixida ilk bor g‘olib 2-turdan keyingina aniqlangan, chunki Jaguar I-Pace va Alpine A110 bir xil ochko (250 balldan) to‘plashgan. Qo‘shimcha bosqichda ko‘pchilik ishtirokchilar Jaguar I-Pace’ga ovoz berishgan.
Mashina umumiy hisobda 400 ot kuchi beruvchi ikkita elektr dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, joyidan 100 km/soat tezlikka 4,8 soniyada erisha oladi va maksimal tezligi 200 km/soat qilib cheklangan. Motorlar 90 kVt-soatlik litiy batareyalardan quvvatlanadi. Mashina bir quvvatlanish bilan 470 km yo‘l bosa oladi.
Tanlovning qolgan ishtirokchilariga kelsak, 3-o‘rinni 3-avloddagi Kia Ceed xetchbegi, 4-o‘rinni Ford Focus egallagan. Keyingi o‘rinlarni Citroen C5 Aircross va Peugeot 508 fransuz modellari hamda Mercedes-Benz A-Class egallagan.
2018 yilda Yevropada Volvo XC40 krossoveri yil avtomobili deb topilgandi.