Toshkent shahar IIBB hayvonlar jangini taqiqlash bo‘yicha taklif tayyorlamoqda

Jamiyat 11:48 / 04.03.2019 15479

So‘nggi vaqtlarda Internet tarmoqlarida respublika hududida, xususan Toshkent shahrida uyushtirilayotgan itlar janglari haqida ko‘p xabarlar paydo bo‘lmoqda. 

IIBB xabariga ko‘ra, o‘tgan haftada “IIBB: xalq bilan muloqot (Toshkent)” guruhida foydalanuvchi Sergeli tumanida bo‘lib o‘tayotgan itlar jangi to‘g‘risida norozilik bilan xabar qoldirgan. IIBB shu zahotiyoq ushbu xabarda qoldirilgan ma'lumotni o‘rganishga kirishdi.

“Ko‘rgazma” sifatida e'lon qilingan ushbu tadbir tashkilotchisiga nisbatan chora ko‘rildi: voqea joyiga Sergeli tumani IIO FMB va Milliy gvardiya xodimlari yetib kelishib, itlar jangini to‘xtatishdi. Ma'muriy sud jamiyat rahbarini O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 200-1 moddasida (“Ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish”) ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topib, jarimaga tortdi.

Toshkent shahar IIBB “ko‘rgazma” sifatida uyushtirilayotgan hayvonlar jangi muammosiga befarq bo‘lmadi. Bu kabi faktlarni aniqlash va to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Hozirgi vaqtda IIBB hayvonlarga shafqatsizlik qilganlik uchun javobgarlikni og‘irlashtirish va hayvonlar jangini taqiqlash bo‘yicha taklif tayyorlamoqda, deyiladi xabarda.
   
Qayd etilishicha, xorijdagi amaliyot o‘rganib chiqilgan. Rossiyada 2018 yil 27 dekabr kuni “Hayvonlarga mas'uliyatli munosabatda bo‘lish va Rossiya Federatsiyasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgarishlar kiritish to‘g‘risida”gi Federal qonun imzolanib, uning “Hayvonlarni shafqatsiz muomaladan himoya qilish” nomli 11-moddasida hayvonlar jangi tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan. Qonun shuningdek “hayvonlarga nafaqat shafqatsizlik qilish, balki shu bilan bog‘liq bo‘lgan kontent tarqatish”ni ham taqiqlaydi.  

AQSh qonunlari ham itlar jangini taqiqlab, ularni uyushtirganlarni qattiq jazolaydi.

Buyuk Britaniyada shafqatsizlik jinoyat hisoblanib, 51 hafta muddatiga qamoq va 20 ming funt sterling miqdorida jarima bilan jazolanadi.

Qozog‘istonda itlar jangi faqatgina saralash maqsadida va foydalanuvchining IIIB feysbuk sahifasida qoldirgan ma'lumotiga ko‘ra, “birinchi qongacha hamda veterinarlar guvohligida” o‘tkaziladi.

Bizning qonunchiligimizda hayvonlar jangini to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydigan modda yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 111-moddasida (“Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish”) hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash – eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan. Bu kabi jarimalar hayvonlarga shafqatsizlik qilayotgan shaxslarni to‘xtatmayapti.

“Rahmdillik, muruvvat va hamdardlik bolalarga kichik yoshdan o‘rgatiladi. Ular o‘zlari uchun ilk ibratni kattalarning bir-birlariga qilgan muomalalaridan, hamda ulardan ojizroq bo‘lgan hayvonlarga munosabatlaridan olishadi”, - deya ta'kidlanadi IIBB xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: