«Tergov adolatli bo‘lmadi». Kenjayevning bevasi suddan adolatli hukm chiqarishni so‘radi

Jamiyat 18:07 / 04.03.2019 76858

Jamshid Kenjayev ishi bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda. Navbatdagi sud majlisida jabrlanuvchi, marhumning bevasi Olesya Mirzamurodova ko‘rsatma berdi.

«O‘sha kungi tug‘ilgan kunga borishi haqida ancha oldin, taxminan bir hafta oldinroq ogohlantirgan edi. Voqea bo‘lgan kuni uy ishlari bilan mashg‘ul edim. Kechga yaqin kiyimlarini tayyorlab berishimni so‘radi. Do‘stlari yig‘ilib qolishgandi.

Odatda uyda yo‘qligida hol-ahvolini bilish uchun har soatda telefon qilib turaman. Oxirgi marta gaplashganimizda kechki 11:37 edi. O‘shanda menga juda iliq gaplar aytdi. Menga va qizimizga bo‘lgan muhabbatini aytdi. Ma'lum vaqt o‘tgandan so‘ng, do‘sti Shohrux telefon qilib u shifoxonadaligini aytdi. Tezda shifoxonaga yetib bordik. Ertalab soat 5:00 atrofida qon va boshqa dorilarni olib kelishimizni so‘rashdi. Uni reanimatsiyada ko‘rganimda bizni tark etayotganini tushundim. Uning tanasi ko‘karib ketgandi. Shifokorlardan so‘rasam, qon bosimi juda pasayib ketganini aytishdi. Ko‘p o‘tmay u vafot etdi.

Hurmatli sud hay'ati, men hali ham bunday dahshatni qabul qila olmayapman. Mendan eng yaqin kishimni, suyukli insonimni tortib olishdi. U mening butun borlig‘im edi. U juda mehribon va quvnoq edi. Doim boshqalarga g‘amxo‘rlik qilardi. Vatanini juda sevardi. Shuning uchun, u sportchilikni tanlagandi. Og‘ir jarohat tufayli musobaqalarda qatnashmay qo‘ygandi, lekin mashg‘ulotlarni to‘xtatmadi.

Videoning faqat boshini ko‘roldim. Yangiliklarni o‘qiganimda «maxluqlarcha o‘ldirildi», deyilgandi. Uni ko‘pchilik bo‘lib har tarafdan urishgan. Bu odamlarda ozgina bo‘lsa ham rahm-shafqat yo‘q ekan. Shu holida qoldirib o‘lishini kutishgan. Hurmatli sud a'zolari, men prokuratura va tergov organlari tomonidan adolatli tergov o‘tkazilganini ko‘rmadim. Qotillar erimni shafqatsizlarcha urishgan. Eng alam qiladigani, erim yolg‘iz holda qolib o‘lib ketgan.

Men hozir ruhan tirik emasman. Mavjud emasman. Ular uchun oddiy odamdir, biz uchun shunchaki bir odam emasdi. Bizga hozir juda og‘ir. Shuning uchun, hurmatli sud, sizdan adolatli va xolis hukm chiqarishingizni iltimos qilaman.

 

Sportchi bo‘lgani tufayli alkogol iste'mol qilganini ko‘rmaganman. Yonida sovuq qurol olib yurganiga ham guvoh bo‘lmaganman.

Videoda shapaloq urgan deyishyapti, erim bekordan-bekorga bunday ish qiladigan odam emasdi», deydi marhumning bevasi.

Sud hay'atiga ishtirokchilarning takliflari so‘raldi. Ayblanuvchilardan Saidazim Kamoldinovning advokati Akmal Alimqulov sudga «Chinatown» restoranidagi voqea yozib olingan videoyozuvlarni taqdim etdi va ishga qo‘shib qo‘yishni so‘radi. Advokatning iltimosi qanoatlantirildi.

Sud majlisi so‘ngida raislik qiluvchi sud ekspertizasi xulosalarini o‘qib eshittirdi.

Sud majlisi 6 mart, chorshanba kuni soat 11:00da davom ettirilishi belgilandi. Kelgusi majlisda «Chinatown» restoranidagi voqealar videosi ko‘rib chiqilishi ma'lum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: