Statistika qo‘mitasi fevral oyida narxlar necha foizga oshganini ma'lum qildi

Iqtisodiyot 10:08 / 04.03.2019 16987

2019 yilning fevral oyida mamlakat iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1,6%ga oshdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Oy davomida mahsulotlar narxi 1,8%ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 2,0%, nooziq-ovqat mahsulotlari 1,5%ga oshdi. Xizmatlar narxi esa 0,8%ga qimmatlashdi. 

Oy davomidagi narxlar o‘zgarishining tuzilmasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, 2019 yilning fevral oyida har bir yirik guruhning salmoq vaznlarini hisobga olgan holda ta'sir darajasi bo‘yicha ustunlik oziq-ovqat mahsulotlari guruhiga taalluqli.

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarning o‘sishi borasidagi yetakchilik meva-sabzavot mahsulotlariga tegishli bo‘lib, oy davomida narxlar o‘rtacha 4,0%ga qimmatlashgan 

Narxlarning qimmatlashishi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni umumiy ovqatlanish muassasalari band etgan. O‘tgan ikki oy davomida narxlar ketma-ket 3,0%dan yuqori darajada oshib borgan (yanvarda 3,4%, fevralda 3,3%). 

2019 yilning fevral oyida narxlarning o‘sishi borasidagi yetakchi uchlikning so‘nggi pog‘onasini sut mahsulotlari egallagan bo‘lib, oy davomida narxlar o‘rtacha 3,2%ga qimmatlashgan. 

Go‘sht mahsulotlari orasida kolbasa va dudlangan go‘sht narxlari sezilarli darajada qimmatlashgan bo‘lsa, parranda go‘shti mahsulotlari esa aksincha, biroz arzonlashgan. 

Shakar, choy, qandolat va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 1,7%ga ko‘tarildi. 

Non mahsulotlari guruhidan yorma va dukkakli, makaron mahsulotlari narxlari oy davomida 2,4%, mosh 2,3%, guruch 1,9%, tandir non 0,5%, bug‘doy uni 0,4%ga qimmatlashgan.

Tuxum narxlarining arzonlashganligi mamlakatning beshta hududida qayd etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari). Respublika bo‘yicha narxlar o‘rtacha 0,2%ga arzonlashgan. 

Nooziq-ovqat mahsulotlari guruhi orasida aloqa vositalari (9,5%), madaniy mollar (5,9%), asosiy turdagi maishiy tovarlar va elektr uskunalar (5,8%), yuvish va tozalash vositalari (5,7%), avtomobillar uchun ehtiyot qismlar (2,9%), oshxona jihozlari (2,2%), maishiy to‘qimachilik mahsulotlari (2,1%), kiyim-kechaklar (1,4%) va oyoq kiyim (1,0%) narxlarining qimmatlashganligi qayd etilgan 

Oy davomida avtomobillar uchun yoqilg‘i narxlari o‘rta hisobda 0,1%ga arzonlashdi. Benzin va metan narxlarning barqaror saqlanishi barobarida propan narxlari 1,0%ga arzonlashdi. 

Oy davomida yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari narxlari o‘rtacha 0,2%ga oshgan. 

2019 yilning yanvar-fevral oylari davomida dam olish xizmatlari (6,1%), 2018 yilning fevral oyiga nisbatan esa uy-joy kommunal sohasi xizmatlari (24,9%) narxlari sezilarli darajada qimmatlashgan. 

Ko‘proq yangiliklar: