Rustam Sa'diyev «Baron-2» loyihasiga jalb etilgan xorijlik mashhur kinoyulduzlar haqida ma'lumot berdi

Jamiyat 13:14 / 04.03.2019 51147

Taniqli kinorejissyor Rustam Sa'diyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda «Baron-2» filmini tasvirga olish jarayoni haqida gapirib o‘tdi.

Rustam Sa'diyev «Baron-2» filmidagi aktyorlarning yulduzli jamoasiga to‘xtalib o‘tarkan, filmda ispaniyalik taniqli aktrisa Mariya Valverde ham ishtirok etishga rozi bo‘lgani, filmning geografik qamrovi haqida aytib o‘tdi.

Mariya Valverde

«Filmning ikkinchi qismida o‘zbek qizining rolini ijro etish uchun San'at institutidan ham vakillar bor edi, lekin psixologik jihatdan murakkab rol bo‘lgani tufayli avvaliga bu rolda ispaniyalik aktrisa Mariya Valverdeni sinab ko‘rmoqchi bo‘lgandik. Aktrisa bilan muzokaralar olib bordik, u rozi ham bo‘lgandi. Mariyaning sharti bo‘yicha u ishtirok etadigan sahnalarni Ispaniya yoki Portugaliyada olishimiz kerak edi. Keyinroq men buning imkoni yo‘qligini aytdim.

Rol taqdiriga keladigan bo‘lsak, uni Yulduz Rajabova ijro etadi. Mahorat bobida uning jahonga mashhur aktrisalardan kam joyi yo‘q. «Baron-2» filmi Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Yevropa va arab davlatlarida ekranlarga chiqadi, dunyo tanigan aktyorlar bilan birga ishlashdan so‘ng bizning aktyor va aktrisalarimizga ham talab kuchayadi deb o‘ylayman», deydi rejissyor.

U shuningdek taniqli turk aktyori Kaan Urganjio‘g‘lining qanday qilib loyihada qatnashishga rozi bo‘lgani to‘g‘risida so‘zladi.

«Kaanga men bergan rol yoqdi. Dastlab unga umuman boshqa rol berilgandi. U esa ssenariydagi boshqa rolni tanladi va shu rolni berishni so‘radi. To‘g‘ri, u katta miqdordagi gonorarga ishlaydi, lekin biz unga odatdagi miqdorda gonorar bera olmasligimizni aytdik.

U o‘zining shaxsiy qadriyatlari va global muammoga qarshi kurash ahamiyatini anglab, rozilik bildirdi. Kaanning gonorari o‘zbek aktyorlarinikiga nisbatan biroz ko‘proqligini inkor qilmayman, lekin bu mablag‘ juda olamshumul miqdorda emas.

Shuningdek, «Baron»ning ikkinchi qismi uchun homiylarimiz ham yetarlicha. Filmda o‘z mahsulotining «product-placement»ini amalga oshirayotgan homiylarimiz ham yo‘q emas. Ham davlat, ham homiylarning mablag‘lari evaziga taniqli «cast»ga ega shunday jiddiy loyihaga qo‘l urdik.

Mening kasting-direktorim yo‘q, tanlagan aktyorlarim bilan o‘zim muzokaraga chiqaman va rolning ahamiyatini tushuntirishga harakat qilaman», deydi rejissyor.

Ma'lumot uchun, Mariya Valverde 1987 yilda Madridda tug‘ilgan, «Osmondan 3 metr balandda», «Osmondan 3 metr balandda-2», «Ali va Nino», «Borjia» filmlarida ijro etgan rollari bilan tanilgan. «Sevgi iztirobi» seriali orqali o‘zbekistonlik kinomuxlislar orasida mashhur bo‘lgan Kaan Urganjio‘g‘li esa faoliyati davomida 30dan ortiq filmda rol o‘ynagan.

«Baron-2» filmi O‘zbekiston, Rossiya, Turkiya va Misr Arab Respublikasi hududida suratga olinmoqda. Kinoloyihaga Hollivud aktyorlari, shuningdek Turkiya, Rossiya va Qozog‘istondan taniqli aktyorlar jalb etilgan.

Xususan, turk aktyorlari – Kaan Urganjio‘g‘li, Safo Zengin, Murod Oydin, mashhur qozoq aktyori Tauyekel Musilim «Baron-2» filmida rol ijro etishmoqda. Tasvirga olish jarayoni davomida ushbu aktyorlar O‘zbekistonga ham kelishi kutilmoqda.

Tauyekel Musilim va Kaan Urganjio‘g‘li
Safo Zengin
Yulduz Rajabova va Tauyekel Musilim

 «Baron» filmining birinchi qismi 2016 yilda tomoshabin e'tiboriga havola etilgan bo‘lib, unda Hollivud aktyori Hassan Massud, shuningdek, rossiyalik mashhur aktyorlar Andrey Smolyakov, Pavel Priluchnyy va Farhod Maxmudov rol ijro etishgandi.

Rustam Sa'diyev bilan suhbatning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin. 

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

Ko‘proq yangiliklar: