Og‘ir judolik: Omonulla Madayev vafot etdi

Jamiyat 00:04 / 03.03.2019 62257

Taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi Omonulla Madayev kecha, 2 mart kuni 76 yoshida vafot etdi.

Ustoz Omonulla Madayev ko‘p yillar davomida O‘zbek pedagogika maktabi, folklorshunoslik maktabi va jurnalistikasiga katta hissa qo‘shib kelgan atoqli olimlardan biri hisoblangan.

Olim jamiyatda kechayotgan o‘zgarishlarga nisbatan o‘zining teran fikrlari, chuqur tahlili va o‘tkir so‘zlari bilan ajralib turgan. Omonulla Madayev Kun.uz bilan ham suhbatda jamiyat va til, tarbiya va axloq masalalariga alohida e'tibor qaratgan edi.

Ma'lumot uchun, Omonulla Madayev 1942 yilning 20 mayida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1964 yil Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. 1958 yil Toshkent shahar 1- sonli maktab-internat o‘qituvchisi, 1964 yil Toshkent shahar 82-sonli o‘rta maktab o‘qituvchisi sifatida ishlagan. 1966 yil ToshDU O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida ishlagan, 1982 yildan Toshkent davlat universitetining o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat olib borgan.

Omonulla Madayev O‘zbekistondagi abituriyentlarni tayyorlovchi ilk darslarni tashkil etgan pedagog bo‘lib, ma'lum vaqt O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti dekani sifatida ham faoliyat yuritgan.
Omonulla Madayev o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, adabiyotshunoslik va pedagogikaga oid bir qator darsliklar muallifi hisoblanadi.

Kun.uz jamoasi olim Omonulla Madayevning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi, o‘zbek adabiyotshunosligi nodir namoyandalaridan birining xotirasi abadiy qolajagiga ishonadi.

Zero, ustoz Omonulla Madayev umri va ilm shamchirog‘i nuri uning shogirdlari va yaqinlari qalbida mudom porlayveradi.

Yaqinlarining ma'lumot berishiga ko‘ra, Omonulla Madayev so‘nggi manzilga 3 mart kuni «Shayx Zayniddin ota» masjidida peshin namozi vaqtida kuzatiladi.

Ko‘proq yangiliklar: