Bundesliga. «Dortmund»da mag‘lubiyat, «Bavariya» bugunoq birinchi o‘ringa chiqishi mumkin

Sport 09:20 / 02.03.2019 5092

Bahorning ilk kunida Bundesliganing 24-turiga start berildi. Dastlabki bahs Augsburgda, ayni nomdagi mahalliy jamoa va chempionat peshqadami «Borussiya Dortmund» o‘rtasida kechdi.

Uchrashuvda «Augsburg»ning koreyalik yarimhimoyachisi Chji Don Von dubl qayd etdi, uning gollariga mehmonlardan Pako Alkaser javob qaytardi. Shu tariqa, dortmundliklar liganing bu mavsumidagi ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib olishdi.

«Borussiya» Bundesliganing oxirgi beshta turidan faqat bittasida g‘alaba qozonganini ta'kidlash kerak. Ketma-ket uchta durangdan so‘ng o‘tgan turda g‘alabaga erishgan jamoa bu turda mag‘lubiyatni qabul qildi. Natijada asosiy raqib «Bavariya» dortmundliklarni nazariy jihatdan shu turning o‘zidayoq peshqadamlikdan mahrum etishi mumkin. Ayni paytda jamoalarni faqat 3 ochko ajratib turibdi.

Myunxen grandi bugun Menxengladbaxda «Borussiya» mehmoni bo‘ladi. Amaldagi chempion safardan 7:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan taqdirda nafaqat ochkolar hisobida Dortmundga yetib oladi, balki to‘plar nisbati evaziga uni ortda qoldirishga ham erishadi. Ammo, eslatib o‘tamiz, «Bavariya» birinchi davrada «Borussiya M»ga o‘z uyida 0:3 hisobida yutqazgan edi. Menxengladbaxliklar ayni paytda 3-pog‘onada borishyapti – bugungi raqiblar o‘rtasida 8 ochko farq bor.

Germaniya chempionati
24-tur, 1 mart
Augsburg – Borussiya D 2:1 (1:0, 1:1)
Gollar: 1:0 – 24 Chji Don Von, 2:0 – 67 Chji Don Von, 2:1 – 81 Pako Alkaser.
Borussiya D – Byurki, Hakimi, Akanji, Zagadu, Diallo, Vitsel, Dileyni (Gerreyru, 66), Sancho, Roys (Pako Alkaser, 66), Bruun Larsen (Filipp, 76), Getse.

2 mart
19:30. Nyurnberg – RB Leypsig
19:30. Shalke – Fortuna
19:30. Herta – Mayns
 19:30. Ayntraxt F – Xoffenxaym
19:30. Bayyer – Frayburg
22:30. Borussiya M – Bavariya

3 mart
19:30. Shtutgart – Gannover
22:00. Volfsburg – Verder

Ko‘proq yangiliklar: