Tesla kompaniyasi 1 mart kuni Tesla Model 3 sedanining 35 ming dollardan sotilishi boshlanishini e'lon qildi. Kompaniya bu narxga ushbu modelni 2017 yilda ishlab chiqarishni boshlagandan beri intilib kelgan. Bu modelning narxi oxirgi vaqtgacha 45 ming dollarni tashkil qilgan.
Biroq bu narxga mashinaning eng minimal komplektatsiyasi taklif qilinmoqda. Bu komplektatsiyada o‘rnatilgan batareya qayta quvvatlashsiz 350 km yo‘l bosib o‘tishga imkon beradi. Bir quvvatlanishda 520 km yo‘l bosishga imkon beruvchi komplektatsiya uchun 43 ming dollar to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Modelning mashinani boshqa mashinalarning harakatidan yoki to‘siqlar bor-yo‘qligidan kelib chiqib tezlashtiradigan yoki sekinlashtiradigan avtopilotli versiyasi uchun qo‘shimcha 3 ming dollar, mashina belgilangan manzilga mustaqil bora oladigan va o‘zi parkovka qiladigan to‘liq avtopilotli versiyasi uchun yana qo‘shimcha 5 ming dollar to‘lanadi.
Bundan tashqari, kompaniya saytida belgilangan narx o‘z ichiga soliq va yig‘imlarni olmasligi aytilgan va haqiqatda xaridor mashina uchun kattaroq narx to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Mashinaning buyurtmachiga yetkazib berilishi muddati 2 haftadan 4 haftagacha vaqtni tashkil qiladi.
2019 yilda kompaniya Model S va Model X modellari savdosini 2018 yilda ularga talab yuqori bo‘lgani sababli qisqartirmoqchi. Kompaniyaning tushuntirishicha, 2018 yildagi talab maksimal bo‘lgan va shu sababli uning pasayishi kutilmoqda. 2019 yilda Model 3’dan haftasiga 7 mingtagacha ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.