London, Rim va Madrid. Uik-endning o‘tkazib yuborib bo‘lmaydigan super to‘qnashuvlari

Sport 19:19 / 01.03.2019 17944

Bugundan Yevropa chempionatlarida navbatdagi tur o‘yinlari boshlanadi. Albatta, juda qiziqarli va tomoshabop o‘yinlardan xoli bo‘lmagan ushbu dam olish kunlari ham futbol muxlislariga yoqib tushsa kerak. Angliyada birato‘la ikkita katta derbi – Liverpul va Shimoliy London to‘qnashuvlari ro‘y bersa, Ispaniya navbatdagi El Klasikoni havola etadi. Italiyada ham o‘ta qiziqarli ikki uchrashuv bor. Shuningdek, bugundan Rossiyada chempionati ham qolgan joyidan davom etishini eslatib o‘tish joiz.

TOTTeNHEM – ARSeNAL (2 mart, 17:30)

Bosim «Tottenhem»ning eng asosiy dushmanidir. Yanvar oyi boshlaridagi «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda Harri Keyn jarohat olgandi. U va Allisiz qolgan Pochettino shogirdlaridan hech kim hech narsa kutmay turgan paytda, jamoa juda kuchli o‘yin namoyish qildi va qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozondi va «Manchester Siti»ga yaqinlashib oldi. Yevropa Chempionlar Ligasida «Borussiya» ham yirik hisobda tor-mor etildi. Keyn qaytgach, ana endi, hamma «taqachilar»ning hatto chempionlik poygasiga aralashishi mumkinligini ayta boshlaganda esa...

Qatorasiga ikki mag‘lubiyat. Avval «Byornli»dan, keyin esa, kattaroq muammolar girdobida qolgan «Chelsi»dan. Bu ikki mag‘lubiyat «Tottenhem»ning ahvolini biroz qiyinlashtirib qo‘ydi. Endi Pochettino turnir jadvalida tepaga emas, pastga qarashga majbur. Zero uch jamoa yaqinlashib kelmoqda va «Tottenhem» hatto kuchli to‘rtlikdan ham tushib ketishi mumkin. Mart oyida «Tottenhem»ni ushbu derbidan tashqari, «Sauthempton» va «Liverpul» maydoniga qiyin safar va yana bir London derbisi, «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yin kutib turibdi. Orada Chempionlar Ligasi ham borligini e'tiborga olsak, mavsumning eng muhim pallasi boshlanmoqda, deb bemalol aytish mumkin.

«Arsenal» esa, YeChL yo‘llanmasi uchun kurashda «Tottenhem»ning raqibi sanaladi va jamoalar o‘rtasidagi farq atigi 4 ochkoni tashkil qilmoqda. Demak, g‘alaba «Arsenal»ni raqibiga ancha yaqinlashtiradi. Emeri shogirdlari nisbatan kuchsiz jamoalarga qarshi chiroyli, hujumkor va samarali o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, top-o‘yinlarda muammolarga duch kelmoqda. Jamoa ushbu mavsumda faqat «Chelsi» ustidan g‘alaba qozondi xolos, qolgan top-uchrashuvlarda yo mag‘lubiyatga uchradi yoki durang qayd etdi. Safardagi o‘yinlarda «Old Trafford»dagi durang bilan maqtanishi mumkin xolos. Yana bir noxush statistika – «Tottenhem» «Arsenal»ga qarshi uy o‘yinlarida oxirgi 7 o‘yinning 5tasida g‘alaba qozongan. Pochettino murabbiyligi ostida «Tottenhem» o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchramagan.

Tarkiblar borasida «Tottenhm» safida Dele Alli va Dayyer hamon safdan chetda qolmoqda. «Arsenal»ning esa, himoya chizig‘ida muammolar hamon jiddiy. Ektor Bellerin vap Holding uzoq muddatga safdan chiqishgan. Lixshtayner hali mashg‘ulotlarga qaytmadi, buning ustiga jamoa yetakchisi Koselnining ham ushbu o‘yinda qatnashishi so‘roq ostida qolmoqda.

«Tottenhem» uchun bu o‘yin Dortmundga safar oldidan bo‘layotgani va atigi uch kun o‘tib YeChLda muhim o‘yin borligini e'tiborga olsak, Pochettinoning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Aytgancha, «Tottenhem» APLda ushbu mavsumda hali durang o‘ynamagan jamoa bo‘lib qolmoqda.

LATsIO – ROMA (3 martga o‘tar kechasi, 00:30)

So‘nggi yillarda, nihoyat, «Roma» va «Latsio» birgalikda yuqori o‘rinlar uchun kurashishni boshlashdi va Rim derbisi endi nafaqat alohida o‘yindagi qarama-qarshilik, balki turnir jadvalidagi o‘rinlar uchun ham muhim kurashga aylangan.

«Roma» 44 ochko bilan «Milan»dan bir ochko kam ochko jamg‘argan holatda, 5-o‘rinda bormoqda va Chempionlar Ligasi yo‘llanmalaridan birini qo‘lga kiritish uchun kurash olib borishi shubhasiz. «Latsio» ham o‘tgan mavsumda kuchli to‘rtlik uchun jiddiy kurash olib borgan va so‘nggi turlarda chetga chiqqandi. Bu safar «Latsio» hamshaharlari bilan turnir jadvalida qo‘shni bo‘lsa-da, ochkolar («Latsio» hisobida 38 ochko bor) borasida farq kattaroq. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat «Latsio»ni nafaqat to‘rtlikdan ancha uzoqlashtirib yuboradi, balki, umuman, yevrokuboklar uchun imkoniyatni cheklab qo‘yadi. Chunki, «Atalanta» va «Torino» jamoalari ham «Latsio» bilan bir xil – 38tadan ochkoga ega.

Ayniqsa, so‘nggi bir oyda «Latsio»ning natijalari ancha pasayib ketdi. Jamoa so‘nggi besh turda 3 marta yutqazib, yuqorida aytib o‘tilgandek, kuchli to‘rtlikdan uzoqlashib ketgan bo‘lsa, Yevropa Ligasida «Sevilya»ga yutqazdi. Italiya kubogida esa, Rimda «Milan» bilan durang qayd etildi – ya'ni bu musobaqada ham raqiblarning imkoniyati kattaroq. Qaysidir ma'noda, bu o‘yin Simone Indzagi uchun mavsumni qutqarib qolish va hech bo‘lmasa, chempionatni yuqoriroq o‘rinda yakunlash uchun so‘nggi imkoniyatlardan biridir.

«Latsio» safida Jordan Lukaku, Valon Berisha va Uolles jamoaga yordam bera olmaydi. Mehmonlar tarkibida esa, Chingiz O‘nder mashg‘ulotlarni boshladi va balki, ikkinchi bo‘limda maydonga tushishi ham mumkin. Kelasi haftada «Roma» Portugaliyada juda muhim o‘yinda, Chempionlar Ligasi chorak finaliga chiqish uchun o‘yin o‘tkazadi. Di Franchesko balki o‘sha o‘yinga ko‘proq e'tiborni qaratgan holda Rim derbisiga tarkib tanlashi ham mumkin.

ReAL – BARSeLONA (3 martga o‘tar kechasi, 00:45)

Kuni kecha «Barselona» Madridda 3:0 hisobida g‘alaba qozondi va azaliy raqibini Ispaniya kubogidan chiqarib yubordi. Bu o‘yindagi g‘alaba esa, «Real»ning La Ligadagi imkoniyatlarini butunlay yo‘qqa chiqarishi mumkin. Hozirda turnir jadvalidagi farq 9 ochkoni tashkil qilmoqda va faqat g‘alaba qozonibgina, «Real» ushbu turnirdagi intrigani sal saqlab qolishi mumkin. «Barselona»ning «Real» bilan o‘yinlardagi mag‘lubiyatsiz seriyasi esa, 5taga yetib ulgurganini ham hisobga olsak, bu vazifa juda qiyin bo‘ladi. So‘nggi o‘n yillikni oladigan bo‘lsak, «Barselona» Madridda 10 marta g‘alaba qozonib ulgurdi: 6:2, 2:0, 2:0, 3:1, 2:1, 4:3, 4:0, 3:2, 3:0, 3:0.

Mag‘lubiyat «Real»ni nafaqat «Barselona»dan, balki ikkinchi o‘rinda borayotgan «Atletiko»dan ham sezilarli farq bilan uzoqlashtirishi mumkin.

Umuman, «Santyago Bernabeu» «Barselona» uchun hatto uy stadionidan ham qulay bo‘lib bormoqda. Agar Superkubok o‘yinlarini e'tiborga olmasak, «Barselona» bu yerda qatorasiga to‘rtinchi g‘alabasiga erishdi va bularning uchtasi yirik hisobda qayd etilgan. Demak, so‘nggi yillarda kataloniyaliklarning ustunligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Tarkiblarga kelsak, o‘tgan hafta «Levante» bilan o‘yinda maydondan chetlatilgan Nacho diskvalifikatsiyasini o‘taydi. Shuningdek, Marko Lorente va Isko ham jarohatini tiklab ulgurgani yo‘q. «Barselona» tarkibida o‘tgan o‘yinlarni kichik jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan Artur Melo paydo bo‘lish ehtimoli bor.

EVeRTON - LIVeRPUL (3 mart, 21:15)

«Liverpul» bir qator «tishsiz» o‘yinlaridan keyin «Uotford» bilan o‘yinda o‘ziga keldi va javobsiz beshta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Ayniqsa, jamoa himoyachilari oldingi chiziqda juda faol bo‘lishganini e'tirof etish kerak: Aleksandr-Arnold va Roberson o‘z hisoblariga ikkitadan golli uzatmani yozib qo‘yishgan bo‘lsa, Virjiyl van Deyk dubl qayd etdi. Ammo «Uotford» eskidan «Liverpul»ning «mijozi» hisoblanadi. Bu jamoalar o‘rtasida «Enfild»da bo‘lib o‘tgan avvalgi ikki o‘yin ham 5:0 va 6:1 hisobida yakunlangan edi.

Klopp ham bir hafta oldin ta'kidlaganidek, «Everton» «o‘ligini tashlaydi» va «Liverpul» yana bir jiddiy sinovdan o‘tadi.

Derbilardagi statistikaga qaraydigan bo‘lsak, so‘nggi 8 o‘yinda «Everton» g‘alaba qozona olmay kelmoqda, oxirgi 19 o‘yindan atigi 1 marotaba «ko‘klar»ning qo‘li baland kelgan, xolos. Ammo o‘sha o‘yinlarning qariyb yarmi durang bilan tugagani, «Everton» maydonida o‘tgan oxirgi 6 o‘yinning 5tasida ham g‘olib aniqlanmaganini eslasak, «Liverpul» uchun barchasi u qadar oson emasligini ko‘ramiz. Hozirda Klopp jamoasi atigi 1 ochkolik farq bilan peshqadamlik qilmoqda va har qanday yo‘qotilgan ochko jamoaga qimmatga tushishi muqarrar.

Jamoalarning birinchi davradagi o‘yini ham ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda «Everton» raqibiga munosib qarshilik qilgan va faqat oxirgi sekundlarda Pikfordning xatosigina «Liverpul»ni uch ochko egasiga aylantirgandi.

«Everton» safida Leyton Beynsdan tashqari, barcha futbolchilar safda. «Liverpul» esa, hamon himoya markazida Lovren va Gomesning sog‘ayishini kutmoqda. Ammo tan olish kerak, Van Deykka sherikchilik qilayotgan Joel Matip ham ancha ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Shuningdek, «Old Trafford»da jarohat olib, maydonni erta tark etgan Roberto Firminoning ham ahvoli so‘roq ostida. «Uotford» bilan o‘yinda uning yo‘qligini bildirishmadi, lekin muhim derbida Firminoning maydonga tushmasligi juda katta yo‘qotish bo‘lishi ham mumkin.

NAPOLI – YuVeNTUS (4 martga o‘tar kechasi, 00:30)

Bu mavsumni A Seriyada «Yuventus» yanada barqaror o‘tkazmoqda va reja bo‘yicha bahorda vazifa qisman bajarilishi va bor imkoniyatni Chempionlar Ligasiga qaratishga imkoniyat bo‘lishi kerak edi. Birinchi qism ado etildi, hozirda turinliklar eng yaqin ta'qibchidan 13 ochko oldinda borgan holda turnir jadvalini boshqarib turishibdi. Ammo Chempionlar Ligasida «Atletiko»ga qarshi o‘yin umid qilingan natija bilan tugamadi va endi keyingi bosqichga chiqish uchun «Yuventus» o‘z tarixida yevrokuboklarda amalga oshirmagan ish - ya'ni ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarish kerak bo‘ladi. Agar o‘tgan yili «Real» bilan Turindagi 0:3 hisobidan so‘ng ham, javob o‘yinida yutuqqa yaqin kelinganini eslasak, hali hammasi tugagani yo‘q, albatta.

«Yuventus» uchun asosiy turnirdagi muvaffaqiyatsizlik A Seriyadagi kayfiyatga ham ta'sir qilishi tabiiy. O‘tgan turda Allegri shogirdlari «Bolonya»da arang g‘alaba qozonishdi. Bosh murabbiyning aytishicha, «Bolonya», «Napoli» va «Udineze»ga qarshi o‘yinlar aynan «Atletiko»ga qarshi javob o‘yini uchun tayyorgarlik vazifasini o‘tashi kerak. Demak, «Yuventus» bu o‘yinda gol urish, hujum qilish uchun ko‘proq harakat qilishini taxmin qilsa bo‘ladi.

«Yuventus»ni imkon qadar ta'qib qilayotgan jamoa aynan «Napoli»dir. Neapolliklar uchinchi o‘rindagi «Inter»dan 9 ochko oldinda bormoqda, 2019 yilda Anchelotti A Seriyada hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Ayniqsa, o‘z maydonidagi o‘yinda mezbonlar g‘alaba uchun bor imkoniyatlarini ishga solishlari tabiiy.

Tarkiblarga qaralsa, «Yuventus»ning holati biroz yomonroq. Duglas Kosta hali sport formasida emas, Kuardado va Xediraning qaytishiga hali vaqt bor. Krishtianu Ronaldu mashg‘ulotlarda qatnashgan bo‘lsa-da. kichik jarohati bor va balki Allegri uning sog‘lig‘i bilan tavakkalga yo‘l qo‘ymasligi mumkin. 

QOLGAN O‘YINLAR

1 mart. «Kalyari» – «INTeR» (2 martga o‘tar kechasi, 00:30), «Ausburg» – «BORUSSIYa» D (2 martga o‘tar kechasi, 00:30)

2 mart. «Bornmut» – «MANCheSTeR SITI» (20:00), «MANCheSTeR YuNAYTeD» – «Sauthempton» (20:00), «Kan» – «PSJ» (21:00), «MILAN» – «Sassuolo» (22:00), «Borussiya» M – «BAVARIYa» (22:30)

3 mart «Fulhem» – «CheLSI» (19:05), «Real Sosedad» – «ATLeTIKO» (22:30).

Ko‘proq yangiliklar: