Butunjahon mobil kongress - dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyuradigan AKT sanoati vakillariga o‘z eshigini ochadigan yildagi eng yirik tadbirlardan biri hisoblanadi. An'anaga ko‘ra mazkur tadbir jami maydoni 57 ming kvadrat metrga teng bo‘lgan Fira Barselona ko‘rgazma majmuasining pavilonlarida bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi MWC-2019 ko‘rgazmasida jahonning turli davlatlaridan kelgan 2400 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etmoqda, unga tashrif buyurgan mehmonlarning soni esa 100 ming nafarga yetdi.
Joriy yildagi tadbir “Intellektual aloqa“ mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda moslashuvchan, yuqori tezlikdagi 5G tarmoqlar, internet buyumlar (IoT), sun'iy intellekt (AI) va yirik hajmdagi ma'lumotlar uyg‘unligi jamlangan.
Huawei kompaniyasi mobil kongressning doimiy ishtirokchisi hisoblanadi va ushbu tadbir doirasidagi ko‘rgazmada o‘z yechimlari va mahsulotlarini taqdim qiladi. “Hozirgi kunda Huawei kompaniyasi 5G texnologiyalar, sun'iy intellekt, bulutli hisoblash va data-markazlarni ishlab chiqish sohalarida o‘z yetakchiligini ko‘rsatmoqda. MWC ko‘rgazmasida telekom va IT kompaniyalarning samaradorligini oshirish va ish sifatini kuchaytirishga yordam beradigan xitoylik gigantning eng yangi yechimlari va mahsulotlari taqdim qilindi.
Huawei mamnuniyat bilan bu boradagi tajribasini o‘rtoqlashadi va o‘z texnologiyalarini boshqa mamlakatlarga joriy qilish masalasini ochiq muhokama qilishga taklif qiladi. Umid qilamizki, bizning tajribali mutaxassislarimiz ko‘magida biz O‘zbekiston hukumatiga AKT infratuzilmasini rivojlantirishga va mamlakatning xalqaro bozordagi pozitsiyasini kuchaytirishga yordam bera olamiz”, - deb ta'kidladi janob Forrest Lyu, Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori.
Butunjahon mobil kongressi doirasida taqdim etilgan yangi texnologiyalar orasidan transport tarmoqlarini qurishga xizmat qiladigan 5G standartiga mo‘ljallangan integratsiyalashgan yechim ham mavjud. Yangi ishlanma barcha servislarni qo‘llab-quvvatlaydigan transport tarmoqlarini qurishga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida mobil operatorlarga soddalashtirilgan bu kabi tarmoqlar hamda tezkor yo‘lga qo‘yish jarayoni orqali 5G texnologiyalari taraqqiyotini tezlatishga imkoniyat yaratadi.Ayni vaqtgacha Huawei kompaniyasi transport sohasida 5G standartining tijoriy tatbiq qilinishiga doir 40 dan ziyod tenderda g‘olib bo‘lgan.
Shu bilan birga, tadbir davomida Huawei ma'lumotlar qayta ishlanadigan markazlar uchun yangi avloddagi konvergent taqsimlangan saqlagich - FusionStorage 8.0 texnologiyasini ham ommaga tanishtirdi.Yangi yechim „Bitta MQIM - bitta saqlagich“ tamoyiliga asoslanadi va turli jabhalardagi mijozlarga, jumladan, telekommunikatsiya va moliya sohasida faoliyat yuritadigan kompaniyalarga osonlik bilan bulut texnologiyasiga o‘tishga ko‘maklashadi.
Vazirlar Mahkamasi, AKT vazirligi,"Digital trust" jamg‘armasi, Mirzo Ulug‘bek innovatsiya markazi va "Yuksalish" umummilliy harakati vakillari ham mobil kongressda qatnashishmoqda.Huawei stendlariga tashrif chog‘ida ularga 5G yo‘nalishidagi eng so‘nggi texnologiyalar, beshinchi avlod tarmoqlarini rejalash, qurish va ulardan foydalanishga doir ishlanmalar namoyish qilindi, shuningdek, xavfsiz shahar, elektron hukumat, iqtisodiyot va jamiyatni raqamlashtirish bilan bog‘liq muvaffaqiyatli loyihalardan misollar keltirildi.