Xitoyning Nubia kompaniyasi o‘zidan smartfon va aqlli soat gibridini aks ettiruvchi Alpha qurilmasini taqdim qildi. Gadjet Barselonada o‘tayotgan MWC ko‘rgazmasida namoyish qilindi.
Nubia Alpha brasletga o‘rnatilgan egiluvchi displeyli qurilma bo‘lib, OLED-ekran diagonali 4 dyuymni tashkil qiladi. Qurilma taqib yuriluvchi elektronikaga mo‘ljallangan Qualcomm Snapdragon Wear 2100 protsessorida ishlaydi. Gadjetning tezkor xotirasi 1 Gbni, ichki xotirasi esa 8 Gbni tashkil qiladi.
Qo‘lga taqiluvchi smartfonning batareyasi sig‘imi 500 mA-soatni tashkil qilsa-da, bu uni qayta quvvatlashsiz 1-2 kun ishlatishga yetadi. Qurilma 5 Mpli kamera bilan jihozlangan.
Kompaniyaning o‘zi ishlab chiqargan operatsion tizimda ishlovchi qurilma oddiy smart-soatlar kabi imkoniyatlar, jumladan qadamlarni sanash, uyqu va pulsni monitoring qilish funksiyalariga ega. Gadjetni ovozli buyruqlar va ekran ustidagi imo-ishoralar yordamida boshqarish mumkin. Nubia Alpha’ning virtual SIM-kartaga ega eSIM versiyasi smartfonning o‘rnini bosishi mumkin. Bunday qurilmalar foydalanuvchiga qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish va sms-xabarlar jo‘natish imkonini beradi.
Nubia Alpha’ning Bluetooth va Wi-Fi’li versiyasi xalqaro bozorda 449 yevrodan taklif qilinadi. eSim versiyasining qora qoplamali varianti Xitoy bozorida 549 yevrodan, 18 qirotli oltin qoplamali varianti esa 649 yevrodan aprelda paydo bo‘ladi. Gadjetning bu versiyasi AQSh va Yevropada 2-yarim yillikda sotuvga chiqariladi.