Microsoft kompaniyasi xodimlari 480 mln dollarlik yirik harbiy shartnomadan voz kechish talabi bilan ochiq xatni imzolashdi. Shartnoma harbiy harakatlar va mashg‘ulotlar vaqtida aralash reallik shlemi HoloLens negizida yotuvchi texnologiyani qo‘llashni nazarda tutadi.
Kompaniya xodimlarining ta'kidlashicha, aralash reallik texnologiyasini qo‘llash harbiy harakatlarni videoo‘yinga o‘xshash qiladi va “askarlarni urushning haqiqatlaridan yiroqlashtiradi”.
Kompaniya bu shartnomani 2018 yil noyabrda yutib olgan. Armiya modernizatsiya qilingan HoloLens shlemidan 100 mingta sotib olishni rejalashtirgan. Bu shlem sotuvga chiqqach umumiy hisobda 50 mingtaga yaqin sotilgan.
Shlemning “harbiy” versiyasi tungi ko‘rish rejimi, issiqlik datchiklari, tana ko‘rsatkichlarini nazorat qilishi bilan farqlanadi. Bu shartnomani MagicLeap kompaniyasi ham olmoqchi bo‘lgan.
2018 yilda Google kompaniyasi ham o‘z xodimlari qarshiligidan keyin Pentagon bilan shartnomadan voz kechgandi. Kompaniya uchuvchisiz parvoz qurilmalaridan olingan suratlarda odamlar va obektlarni tanishga imkon beruvchi tizimni yaratish bilan shug‘ullangan.