Rossiya Qozog‘istonning rus tili bo‘yicha qaroriga javob qaytardi 

Jahon 11:52 / 23.02.2019 54096

Rus tilini milliy valuta - tengedan olib tashlash to‘g‘risidagi qaror Qozog‘istonning ichki ishi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova brifingda ma'lum qildi. 

Uning qayd etishicha, Moskva respublikaning rus tilida so‘zlashuvchi fuqarolari huquqlari masalasi bo‘yicha Ostona bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Bu haqda «Govorit Moskva» radiostansiyasi xabar tarqatdi.

«Mavzu bizning jiddiy e'tiborimiz markazida bo‘lib turibdi. Bu TIVning vazifa va funksiyalaridan biridir, ushbu holat nafaqat Qozog‘istondagi o‘zgarish nuqtai nazaridan, balki rus tili ona tili bo‘lgan kishilar yashaydigan barcha hududlarga aloqador narsa», - deya ta'kidlab o‘tdi Zaxarova. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston hukumati milliy valuta – tanganing dizayniga o‘zgartirish kiritgandi.

Endi tanga va qog‘oz tangalarda rus tilidagi yozuv bo‘lmaydi. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning tegishli farmoni «Adilet» axborot-huquqiy tizimi saytida e'lon qilingan.  

Qozog‘istonda rus tili rasmiy til maqomiga ega. U davlat tili hisoblanmaydi va konstitutsiyaga ko‘ra davlat tashkilotlarida qo‘llanishi mumkin. Mamlakat hukumati aholining qozoq tilidan tashqari, rus va ingliz tilini o‘rganishga undash maqsadida «uch tillik» siyosatini yurgazadi.

Ko‘proq yangiliklar: