«Paxtakor» yangi stadion qurilishini 2020 yildan boshlaydi

Sport 13:25 / 23.02.2019 30147

«Paxtakor» klubi uchun yangi stadion qurish ishlari 2020 yil yanvar oyida boshlanadi. Bu haqda klub bosh direktori Dmitriy Adismanga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Qaror qabul qilib bo‘lindi, qurilishni 2020 yil 1 yanvaridan boshlaymiz, ungacha esa hududni o‘rganish ishlari olib boriladi», – dedi Adisman.

Avvalroq hozirgi stadionni buzish bo‘yicha ishlar 2017 yil oxirida boshlanishi haqida aytilgan, ammo geologik yumushlar va loyiha narxining qimmatlashishi sabab jarayon kechiktirilgan edi.

«Paxtakor» bosh direktorining so‘zlariga ko‘ra, stadion joylashgan yer maydoni tagidan yerosti daryosi o‘tgani rejadagi ishlarni qiyinlashtirmoqda. «Loyihaning narxi oshib ketyapti, 80 metr chuqurlikda ko‘plab qoziqoyoqlarni qoqishga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ishlarga juda katta pul ketadi», – deydi u.

Adismanning aytishicha, yangi yopiq stadion loyihasi bo‘yicha 16ta konsepsiya ko‘rib chiqilmoqda. Obekt sig‘imi avval e’lon qilinganidan o‘zgarmay qolgan – arena 30 ming tomoshabinga mo‘ljallanadi.

Ma’lumot uchun, «Paxtakor» stadioni 1956 yilda ochilgan bo‘lib, ayni paytda uning sig‘imi 35 ming kishini tashkil etadi. 2012 yilga qadar ushbu stadionda O‘zbekiston terma jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: