Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi faoliyati yanada takomillashtiriladi

O‘zbekiston 11:42 / 22.02.2019 5904

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi viloyatlar, shaharlar va tumanlarda tashkil etilgan 102 ta “Ta'mirlash-tiklash xizmati” DUKlar faoliyati sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan, 2018 yilda ularning kuchi bilan 215,0 mlrd. so‘mdan ortiq ish hajmi bajarilgan hamda ularning moddiy-texnika bazasi yanada kuchaygan;

2018 yildan boshlab “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari tomonidan barcha hududlarda ko‘p xonadonli uy-joy fondining kapital va joriy ta'mirlash hamda tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari sifatli va o‘z vaqtida bajarilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari huzuridagi “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalarining faoliyatini rivojlantirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank, respublika tijorat banklari bilan birgalikda:

2019 yil 1 martdan boshlab ajratilgan kredit mablag‘lari va majburiy badallar hisobidan ko‘p xonadonli uy-joy fondini joriy va mukammal ta'mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish (uy-joylarga texnik xizmat ko‘rsatish, hududini saqlash, kunu-tun ishlaydigan dispetcherlik xizmatini tashkil etish) bo‘yicha ishlar tegishli xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, professional boshqaruv kompaniyalari bilan shartnoma tuzgan holda “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari tomonidan amalga oshirilishi choralari ko‘riladi;

ko‘p qavatli uy-joylarni kapital va joriy ta'mirlash ishlarini keskin arzonlashtirish, zamonaviy qurilish materiallarni jalb etish va qurilish ishlari sifatini keskin oshirish maqsadida tijorat banklar tomonidan ajratiladigan imtiyozli kreditlar faqatgina “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari bilan shartnoma tuzgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ajratish mexanizmi joriy etiladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga va O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Ta'mirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari orqali ko‘p xonadonli uy-joy fondining kapital va joriy ta'mirlash hamda tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari sifatli va o‘z vaqtida bajarish afzalliklarini doimiy ravishda ommaviy axborot vositalarida yoritib borish tavsiya etiladi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – transport vaziri A.J.Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.X.Saliyev zimmasiga yuklanadi.

Ko‘proq yangiliklar: