Urgutda fojia: yong‘in oqibatida besh kishi halok bo‘ldi

Jamiyat 17:38 / 22.02.2019 57065

2019 yilning 22 fevral kuni soat 2:01da Samarqand viloyati Urgut tumani «Do‘stlik» mahallasi Yangiariq ko‘chasidagi uyda yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida Urgut tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limining dispetcherlik xizmatiga xabar kelib tushgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabarida aytilishicha, voqea joyiga zudlikda 6 ta asosiy va 1 ta maxsus yong‘in o‘chirish ekipajlari jalb etilgan. Yong‘in o‘chirish bo‘linmalari yong‘in joyiga soat 2:09da yetib borgan vaqtida uy ochiq alanga bilan yonayotganligi ma'lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 02:22da qurshab olinib, soat 03:48da bartaraf etilgan. 

Foto: dyxx.uz

Yong‘in oqibatida uyning 150 kv metr maydonda tomi, shifti va uy jihozlari hamda qo‘shni uyning 15 kv metr maydonda tom qismi yonib zararlangan.

Yong‘inni bartaraf etish jarayonida uy egasi 1954 y.t. Z.U., rafiqasi 1956 y.t. M.R., qizi 1992 y.t. Z.U., nabiralari 2011 y.t. X.M. va 2013 y.t. N.M.lar yong‘in o‘chiruvchilar tomonidan qutqarilgan. Shulardan, 2013 y.t. N.M. kuyish tan jarohati bilan tuman markaziy shifoxonasiga olib ketilgan, ahvoli qoniqarli (10 foiz kuyish tan jarohati olgan).

Yong‘inni o‘chirish vaqtida uy egasining farzandlari 1980 y.t. X.U., 1986 y.t. O.U., kelini 1993 y.t. Sh.E., nabiralari 2013 y.t. Sh.Z. va 2018 y.t. Sh.Z.ning kuygan holdagi jasadlari topilgan.

Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: