Prezident: «Halol tadbirkor doimo davlat himoyasida, mening himoyamda»

O‘zbekiston 18:50 / 22.02.2019 36199

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligini tahlil qilib, navbatdagi muhim vazifalarni belgilab olishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Videoselektorda soliqlar to‘lovini amalga oshirishda noqonuniy holatlar ayrim misollar asosida muhokama qilindi. Yirik ishlab chiqaruvchilar, importyorlar va ulgurji savdo tashkilotlari tomonidan sotilayotgan tovarlar harakatini tahlil qilib, naqd pulsiz hisob kitob-qilish ko‘lamini kengaytirish, buning uchun elektron hisob-faktura tizimini tezroq joriy etish zarurligi ta'kidlandi. 

Soliq idoralariga joylardagi boqimanda qarzdorlikni undirish, daromadlarning ichki zaxiralarini izlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Jumladan, Davlat soliq qo‘mitasi huzurida yirik soliq to‘lovchilar va importyorlar bilan ishlaydigan hududlararo inspeksiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi. 

– Qanchalik murakkab bo‘lmasin, boshlagan islohotlarimizni oxirigacha yetkazishimiz zarur. Lekin targ‘ibot-tushuntirish ishlarini bahona qilib, o‘rganishlarni tekshiruvga aylantirishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Halol tadbirkor doimo davlat himoyasida, mening himoyamda, – dedi davlatimiz rahbari.

Videoselektorda yana bir muhim masala – tomorqadan samarali foydalanish va bahorgi ekin ekish ishlari ham muhokama qilindi.  

Xalqimiz azaldan rizq undirish, bog‘ yaratishning hadisini olgan. Bugungi kunda ko‘pchilik o‘z tomorqasidan samarali foydalanib, bir yilda 3 martagacha hosil olmoqda. Lekin, ba'zi joylarda tomorqaga ekin ekmaslik va qarovsiz tashlab qo‘yish holatlari ham yo‘q emas. Yurtimiz bo‘yicha 328 mingta xonadondagi 20 ming gektar tomorqadan samarali foydalanilmayapti.

Aslida tomorqa – rizq-ro‘z, qo‘shimcha daromad manbai, bandlikni, arzonchilikni ta'minlashning samarali yo‘lidir. Odamlarning o‘zida ham ekin ekish, daromad olish istagi bor. Lekin nima ekishni, urug‘, ko‘chatni qayerdan olishni bilmaydi. Kelgusida “mahsulotni sota olamanmi”, degan xavotir ham yo‘q emas.

Shu bois bu yil mart-aprel oylarida tomorqaga ekin ekish ishlari yangi tizimda, keng jamoatchilik ishtirokida tashkil qilinadi. Xalq qabulxonalari rahbarlari mahalla raislari bilan birga uyma-uy yurib, aholi talablari asosida ularga ko‘mak beradi. Mahalliy budjetlar zaxira jamg‘armasidan 40-50 million so‘mdan mablag‘ ajratilib, kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bozorbop sabzavotlar urug‘i, meva va tok ko‘chatlari yetkazib beriladi.

Fermerlar kengashi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi salohiyatli fermerlar yordamida aholining foydalanilmayotgan tomorqalarini ekishga tayyorlash va bozorbop ekinlar ekishni tashkil qiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan tomorqasi bor ishsiz fuqarolarga issiqxonalar tashkil etish, urug‘lik va ko‘chat olish uchun eng kam ish haqining 10 barobarigacha miqdorda subsidiya ajratadi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, tumanlar va shaharlar 4 ta sektor rahbarlari har bir hududning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olib, “bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida har bir mahallani meva-sabzavot yetishtirish, kichik issiqxonalarni tashkil qilish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, kurkachilik kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘radi. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning axborotlari eshitildi, deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: