O‘zbekistonlik shifokorlar Germaniyadagi murakkab operatsiyalarda ishtirok etishmoqda

O‘zbekiston 16:32 / 22.02.2019 4611

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “O‘zbekistonda zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan ishlash uchun tibbiy va texnik xodimlarning malakasini oshirish” loyihasi doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Germaniyaga tashrif buyurdi. Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi shu haqida xabar berdi. 

Bugunga kelib Germaniya bilan tibbiyot sohasida qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda OPASCA German Oncology Solutions GmbH tomonidan 50 million yevro qiymatidagi eng so‘nggi texnologiya va jihozlar bilan ta'minlangan, zamonaviy klinika bunyod etish hamda Germaniyaning nufuzli Mangeym universiteti klinikasi bilan o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuv imzolandi.

Bundan tashqari, germaniyalik hamkorlar bilan poytaxtimizdagi Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida ko‘p tarmoqli klinika bunyod etish yuzasidan kelishuv imzolandi. Loyihaga 100 million yevro miqdoridagi investitsiya jalb etiladi. Quvonarlisi, keyinchalik viloyatlarda ham nemis texnologiyasi asosida ishlaydigan shunday ko‘p tarmoqli klinikalar ochilishi rejalashtirilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasining mazkur tashrifi tobora rivojlanib borayotgan hamkorlik samarasidir. Delegatsiya a'zolari Germaniyaning Gamburg shahridagi Albertiniy klinikasi shifokorlari bilan hamkorlikda xirurgiya, urologiya, ginekologiya va onkologiya yo‘nalishlarida robotlashtirilgan texnologiyalar yordamidagi murakkab amaliyotlarda faol ishtirok etishdi. Bundan tashqari, mahorat darslarida qatnashib, robotlashtirilgan texnologiyalarda ishlash ko‘nikmalarini ham hosil qilishmoqda.

Shuningdek, tibbiyot sohasida zamonaviy uskuna va texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi “Philips”, “Dräger”, “Heinemann”, “Weinmann”, “Fresenius”, “Siemens” kabi kompaniyalarda bo‘lib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarni ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Mamlakatimizda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ochish va faoliyatini kengaytirish borasida muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

“Dräger” kompaniyasi bemorlarni sun'iy nafas oldirish apparatlari hamda bemor holatini monitoring qilish moslamalari bilan dunyoga mashhur. Ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy uskunalar mamlaktimizning olis hududlaridagi qishloq vrachlik punktlarida ham mavjud. Shu bois ushbu kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazib, yurtimizda o‘quv xonalarini ochish va kengaytirish, mutaxassislarimizning zamonaviy texnologiyalarda ishlash hamda servis xizmatlarini ko‘rsatish ko‘nikmalarini oshirish borasida kelishuvlarga erishilmoqda. Muhimi, o‘z malakasini oshirgan mutaxassislarimiz yurtimizning olis hududlaridagi shifokorlarning ham malakasini oshirish yuzasidan treninglar o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: