O‘zbekistonda ota-onaning aka-uka va opa-singillarining farzandlari o‘rtasida nikoh tuzish taqiqlanadi

O‘zbekiston 11:16 / 22.02.2019 92887

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida” qonun loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan 607-1-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 16-moddasining (Nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar) uchinchi xatboshisi (nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida) quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida,  tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, ota-onaning aka-uka va opa-singillarining farzandlari o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida;”.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi ushbu Qonunning ijrochilarga yetkazilishini hamda uning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilishini ta'minlaydi.

Oila kodeksining 57-moddasiga (Qarindoshlik) ko‘ra, bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. Ikki shaxs o‘rtasidagi to‘g‘ri shajara bo‘yicha qarindoshlikning yaqinligi qarindoshlik darajasi, ya'ni tug‘ilish soni bilan belgilanadi. Bolalar ota-onasiga nisbatan to‘g‘ri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan — ikkinchi, evara katta bobosiga, katta buvisiga nisbatan — uchinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi va hokazo.

Aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga o‘xshashlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlar hisoblanadi va hokazo.

Kodeksda aytilishicha, to‘g‘ri shajara bo‘yicha qarindoshlar yon shajara bo‘yicha qarindoshlarga nisbatan yaqinroqdir.

Ikki shaxs o‘rtasida qarindoshlikning uzoq-yaqinligini aniqlashda, darajalarning soni yoki shu shaxslardan birining o‘zini hisobga qo‘shmay turib, undan kelib chiqqan avlodlar soni hisobga olinadi. Hisob ajdodlar tomon to‘g‘ri shajara bo‘yicha ular uchun umumiy bo‘lgan shaxsga (ajdodga) qarab va undan esa, avlodlar tomon — ulardan boshqasiga qarab olib boriladi.

Tug‘ishgan aka-uka va opa-singil qarindoshlikning ikkinchi darajasida, tog‘a va amaki, amma va xola o‘z jiyanlari bilan qarindoshlikning — uchinchi, tog‘avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar esa — to‘rtinchi darajasida turadilar.

Bundan tashqari, 58-moddada (Yot aralashmagan va yot aralashgan qarindoshlik) aytilishicha, aka-uka va opa-singillar yot aralashmagan va yot aralashgan qarindosh bo‘lishi mumkin. Aka-uka va opa-singillar bir ota-onadan kelib chiqqan bo‘lsa, yot aralashmagan, ota bir ona boshqa yoki aksincha ona bir ota boshqa bo‘lsa, yot aralashgan qarindosh hisoblanadi. Yot aralashmagan qarindoshlikda aka-uka va opa-singillar tug‘ishgan, yot aralashgan qarindoshlikda esa, aka-uka va opa-singillar o‘gay hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar ro‘yxati to‘ldirilishi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: