I Xalqaro Ziyorat turizmi forumi o‘z ishini boshladi

O‘zbekiston 13:54 / 22.02.2019 7620

22 fevral kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazida Ziyorat turizmi bo‘yicha birinchi xalqaro forumning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Bosh vazir o‘rinbosari yig‘ilganlarga O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berib, quyidagilarni ma'lum qildi:

"45 ta mamlakatga vizasiz rejim joriy qilindi, fuqarolari O‘zbekistonga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar soni 64 taga yetdi; 76 ta mamlakat fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 2018 yilda 50 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun qariyb 22 mingta elektron kirish vizalari rasmiylashtirildi; O‘zbekiston hududidan tranzit bilan o‘tayotgan 101 davlat fuqarolariga O‘zbekistonga vizasiz kirish tartibi joriy etildi", - dedi u.

Aziz Abduhakimov
Foto: Kamil Yenikeyev

Shuningdek, Aziz Abduhakimov O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo‘shimcha kirish vizalari toifalari («Vatandosh»«Academic visa», «Medical visa», «Student visa») joriy etilgani to‘g‘risida ma'lumot berdi. Forum mavzusi va mehmonlarimizga bevosita aloqador bo‘lgan yangi viza turi - «Pilgrim visa» aynan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida joriy etilganini alohida qayd etdi.

Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosari «Buyuk ipak yo‘li» mamlakatlari bo‘ylab sayohat qiluvchi sayyohlarga qulaylik yaratish, bir tashrif doirasida Markaziy Osiyodagi bir nechta mamlakatlarda bo‘lish imkoniyatini beruvchi «Silk visa» tizimini ham joriy qilish masalasi ko‘zda tutilayotganini ta'kidladi.

Foto: Kamil Yenikeyev

"Oxirgi ikki yil ichida muhtaram Prezidentimiz tomonidan turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, jumladan, ushbu sohadagi investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 dan ortiq imtiyoz va preferensiyalarni berishni ko‘zda tutuvchi qarorlar qabul qilindi. Turizm infratuzilmasi, jumladan, mehmonxonalar qurilishi loyihalariga xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlarni keng jalb qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda", - dedi u.

Tadbirda O‘zbekiston asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelgani ta'kidlandi.

Foto: Visit.Uzbekistan

"Imom Al-Buxoriy, Imom At-Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Burhoniddin Marg‘inoniy kabi islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan olim va mutafakkirlarning vatani sifatida O‘zbekiston zamini butun dunyodan islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida sayyohlarni chorlab kelmoqda. So‘zimizning yaqqol dalili sifatida bir necha asrlardan buyon islom madaniyati poytaxti sifatida namoyon bo‘lib kelgan “Qubbatul Islom” - Buxoro shahri Islom hamkorligi tashkiloti Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ISeSKO) tomonidan Buxoro boshqa shaharlar qatorida Islom madaniyatining poytaxti deb e'lon qilinganligini ta'kidlash joiz", - dedi Abduhakimov.

Foto: Kamil Yenikeyev

Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari O‘zbekistonning boy ilmiy-tarixiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Ziyorat turizmi uchun tarixiy-madaniy obektlar, ziyoratgohlarning o‘zi yetarli emasligi, O‘zbekistonning ziyorat turizmi jozibadorligini oshirish uchun targ‘ibot ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilishi bilan birga ziyoratchilarga qulay shart-sharoitlar yaratilishi kerakligiga e'tibor qaratildi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Shu bilan birga, O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish maskanlari va restoranlarda “Halol” standarti joriy etilayotgani ta'kidlandi. Turizm xizmatlari va musulmon mehmondo‘stligi talablari bo‘yicha standartlar ishlab chiqildi. Xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va mehmonxonalarda namozxonalar va tahorat xonalari tashkil etilgani qo‘shimcha qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov o‘z nutqida ziyorat safarlarining inson salomatligi va ruhiyatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatishiga urg‘u berdi.

"Hazrati Payg‘ambarimiz (sallollohu alayhi vassalam) bir hadisi shariflarida “Safar qilinglar, shunda sog‘lom va rizqu nasibali bo‘lasiz”, deb marhamat etganlar", - dedi u.

Usmonxon Alimovning so‘zlariga ko‘ra, safarning foydali jihati uning nima maqsadda ekaniga bog‘liq. Bunga misol sifatida mashhur hadis ilmi namoyondasi Imom Al-Buxoriyning hayoti keltirildi.

Usmonxon Alimov
Foto: Kamil Yenikeyev
Foto: Kamil Yenikeyev

Xalqaro Ziyorat turizmi forumi doirasida shuningdek Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, Turkiya din ishlari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Osman Tiraschi, Dehli bosh masjidi imomi Said Buxoriy, Rossiya muftiylar kengashi raisi birinchi o‘rinbosari Rushan Abbasov, Indoneziyadagi O‘zbekiston sayyohlik brendi elchisi Eko Shri Margianti, Misr Vakillar palatasining Ijtimoiy birdamlik, oila va nogironlar qo‘mita raisi Abdulhadiy Al-Kasabiy va boshqalar so‘zga chiqishdi.

Ko‘proq yangiliklar: