Bojxonachilarga pensiya tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi

O‘zbekiston 11:36 / 22.02.2019 10822

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Davlat bojxona xizmati organlari xodimlariga pensiya va nafaqa tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Nizomga ko‘ra, bojxona organlari xodimlari yoki ularning oila a'zolariga pensiyaning quyidagi turlari tayinlanadi:

a) xizmat muddatini o‘taganligi bo‘yicha pensiya (uni olish huquqi mavjud bo‘lganda);
b) nogironlik pensiyasi;
g) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.

Bojxona organlari pensioneri vafot etganligi munosabati bilan dafn etish marosimi uchun uning oila a'zolariga bir martalik nafaqa tayinlanadi. Bojxona organlari xodimlariga pensiya va nafaqa to‘lash Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Xizmatdan bo‘shatilgan va pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan xodimga pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlar bojxona organlarining kadrlar tuzilmalari tomonidan qabul qilinadi.

Pensiya tayinlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

Pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘taganligi bo‘yicha pensiya tayinlash uchun:

a) muvofiq shaklda ariza;
b) fuqarolik pasporti, nikoh tuzilganligi yoki bekor qilinganligi to‘g‘risida guvohnoma va voyaga yetmagan farzandlarining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarining nusxalari;
v) xizmat yili hisobi;
g) pul ta'minoti varaqasi;
d) xizmatdan bo‘shatilganlik to‘g‘risida buyruqdan ko‘chirma;
ye) yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan davlat pensiyalari tayinlanmaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;

Nogironlik pensiyasi tayinlash uchun mazkur bandning «a» kichik bandida nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga kasallik tarixidan ko‘chirma va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan nogironlikni belgilash to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;
Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlash uchun:

a) muvofiq shaklda ariza;
b) boquvchisining vafot etganligi to‘g‘risida o‘lim guvohnomasi nusxasi;
v) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanayotgan shaxsning fuqarolik pasporti, nikoh tuzilganligi yoki bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma va voyaga yetmagan farzandlarining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarining nusxalari;
g) yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan davlat pensiyalari yoki nafaqalari tayinlanmaganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;
d) xizmat vazifalarini bajarish paytida yaralanish, kontuziya olish, mayib bo‘lish va kasallanish tufayli o‘lim to‘g‘risida xulosa va xodimning vafot etganligi munosabati bilan bojxona organlaridagi shaxsiy tarkib ro‘yxatidan chiqarilganligi to‘g‘risida buyruqdan ko‘chirma (zarur bo‘lganda);
ye) farzandlari nogironligini tasdiqlovchi TMEK ma'lumotnomasi (zarur bo‘lganda);
j) chin yetimlarga pensiya tayinlangan holatlarda mahalliy davlat hokimiyati organlarining vasiylik yoki homiylikni tayinlash to‘g‘risidagi qarori nusxasi;
z) TMEK tomonidan nogironlik belgilanganligi to‘g‘risida ma'lumotnoma (turmush o‘rtog‘i, ota-onasiga pensiya tayinlanganda);
i) pul ta'minoti varaqasi.

Bojxona organlari pensioneri vafot etganligi munosabati bilan dafn etish marosimi uchun uning oila a'zolariga nafaqa tayinlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

a) nafaqa tayinlash to‘g‘risida ariza (ixtiyoriy shaklda);
b) murojaat etgan shaxsning fuqarolik pasporti nusxasi;
v) boquvchisining vafot etganligi to‘g‘risida o‘lim guvohnomasi nusxasi;
g) boquvchisining vafot etganligi to‘g‘risida o‘lim haqidagi ma'lumotnama;
d) nafaqa uchun oila a'zosi murojaat etmagan holatlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan dafn marosimini o‘tkazgan shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotnoma.

Bojxona organi kadrlar tuzilmasi mas'ul xodimi tomonidan xodimning xizmatni o‘taganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar pensiya tayinlash uchun arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida tekshiriladi hamda kalendar va imtiyozli hisobga olinadigan davrlari, umumiy xizmat yili hisoblab chiqiladi va belgilangan tartibda tasdiqlanadi. Hisoblangan xizmat yillari bojxona organining moliya-iqtisodiyot tuzilmasi bilan kelishiladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yoki maxsus unvon va martaba darajasi bo‘lishi nazarda tutilgan boshqa organlardan xizmatga o‘tkazilgan va DBQ Raisi tomonidan maxsus unvon berilgan xodimlarga xizmat yillari uchun foizli ustama haq belgilashda ularning ilgarigi ish joyidagi (foizli ustama to‘lash uchun belgilangan) xizmat yoki mehnat stajlari inobatga olinadi hamda ushbu davr xodim bojxona organlaridan bo‘shatilgan taqdirda unga pensiya tayinlashda umumiy xizmat stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: